Navoiy viloyatida atmosfera havosini ifloslantirayotgani aniqlangan “Qizilqum fosforit kompleksi”ga qarashli ishlab chiqarish sexlari faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Mazkur holat ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlardan so‘ng viloyat ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv davomida aniqlangan.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra, Konimex tumanida joylashgan korxona sexlarida davlat ekologik ekspertizasi talablariga to‘liq rioya etilmagani va atmosfera havosiga chiqarilayotgan zararli moddalar miqdori belgilangan me’yordan yuqori ekani ma’lum bo‘lgan. Xususan, 28-sonli manbadan ajralib chiqqan fosforit changi me’yordan 3,5 barobar ko‘p ekani qayd etilgan.
Shuningdek, korxona tomonidan “Tashkura” karyerida noruda qazilmalarni qazib olish faoliyati uchun zarur bo‘lgan davlat ekologik ekspertizasi xulosasi hali rasmiylashtirilmagani aniqlangan. Aniqlangan qonunbuzarliklarni bartaraf etish va atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish maqsadida korxonaning ikki ishlab chiqarish sexi 10 kun muddatga to‘xtatildi.
Qonunbuzarliklar oqibatida atmosfera havosini ifloslantirish, oqova suvlar oqizish va chiqindilarni joylashtirish bilan bog‘liq holatlar uchun jami 2 milliard 42 million so‘mdan ortiq kompensatsiya to‘lovlari hisoblandi. Bundan tashqari, 5 nafar mas’ul mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, tegishli hujjatlar sudga yuborildi.


