Bugun, 5-yanvar kuni Navoiy viloyati Tomdi tumanida salonida 47 nafar yo‘lovchisi bo‘lgan avtobusni boshqarib borayotgan haydovchi rul boshqaruvini yo‘qotib, ag‘darilib ketgan. Bu haqda Navoiy viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi.
Dastlabki surishtiruvlarga ko‘ra, ZHONG TONG BUS rusumli (texnik jihatdan soz bo‘lgan) avtobusni Zarafshon—Navoiy yo‘nalishi bo‘ylab boshqarib borayotgan 1986-yilda tug‘ilgan fuqaro Sh.X. (haydovchi 17 yillik stajga ega) rul boshqaruvini yo‘qotib, yo‘nalishi bo‘yicha yo‘lning o‘ng tomoniga chiqib ketib ag‘darilib, YTH sodir etgan.
Hodisa oqibatida yo‘lovchi sifatida ketayotgan 2 nafar fuqaro olgan tan jarohatlari sababli voqea joyida vafot etgan. Turli ko‘rinishdagi tan jarohatlari olgan 9 nafar fuqarolar tibbiyot muassasalariga yotqizilgan.


