Avvalroq, joriy yilning 18-dekabr kuni bir oilaning a’zolari is gazidan zaharlangani haqida xabar berilgan edi. Hodisa natijasida ota va voyaga yetmagan farzandi voqea joyida vafot etgan. Ayol va yana bir farzand esa zaharlanish tashxisi bilan Karmana tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.
Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, marhum ota va bolaning o‘limi is gazidan o‘tkir zaharlanish oqibatida sodir bo‘lgani aniqlangan. Hozirda jabrlangan ayol va voyaga yetmagan farzandining ahvoli o‘rtacha, ularga malakali shifokorlar tomonidan barcha zarur tibbiy yordamlar ko‘rsatilmoqda va holati doimiy nazoratga olingan.
Karmana tuman hokimi Shohruh Boltayev tibbiyot muassasasiga tashrif buyurib, jabrlanganlarga har tomonlama yordam ko‘rsatilishini ta’kidladi. Shuningdek, mutasaddi tashkilotlarga ushbu oila holidan doimiy xabardor bo‘lib borish va zarur ko‘maklarni ko‘rsatish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Tuman rahbari marhumlarning oila a’zolari, yaqinlari va qarindoshlariga chuqur hamdardlik bildirib, og‘ir yo‘qotish munosabati bilan ta’ziya izhor etdi.


