Ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy viloyatining Nurota tumaniga sel kelgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Favqulodda vaziyatlar vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, 6 noyabr kuni soat 14:25 dan 15:30 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida Nurota tumanining “Oqmachid” MFY hududida kuchli yomg‘ir yog‘ishi natijasida hududdagi sel yo‘lidan ko‘p miqdorda yomg‘ir suvlari kelgan. Hodisa natijasida tumanning “Nurotabir” qabristoniga o‘tishda qurilgan sel yo‘li ko‘prigining bir qismiga zarar yetgan. Qabristonga zarar yetmagan.
Tumanning “Nurfaxr” MFY “Parpiuzoq” massividagi 3 ta aholi yashash uyining tomorqalariga yomg‘ir suvi to‘plangan. Hodisa oqibatida xalok bo‘lganlar yo‘q.
Ayni paytda voqea joyida viloyat FVB rahbariyati va shaxsiy tarkibi tomonidan yuzaga kelgan hodisa oqibatlarini bartaraf etish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda.


