Davlat xavfsizlik xizmati Navoiy viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan noqonuniy oltin qazib olish va uni kimyoviy usulda qayta ishlash bilan shug‘ullangan shaxslarga qarshi tezkor tadbir o‘tkazildi. Tadbir davomida davlat zaxirasidagi yerlar hisobidan foydalanib, yashirin tarzda faoliyat yuritgan uyushgan jinoiy guruh fosh etildi.
Aniqlanishicha, noqonuniy oltin savdosiga ixtisoslashgan ushbu jinoiy guruh tarkibiga xorijiy davlat fuqarolari ham jalb etilgan. Ular soliq, geologiya, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalaridagi amaldagi qonunchilik talablarini qo‘pol ravishda buzgan holda faoliyat olib borgan. Guruhga Karmana tumanida sport yo‘nalishiga ixtisoslashgan mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari boshchilik qilgani ma’lum bo‘ldi.
Tezkor tadbir davomida 17,2 kilogramm oltin va kumush qorishmasi, 20 kilogramm yarim tayyor oltin mahsuloti, tarkibida oltin zarralari bo‘lgan 250 kilogramm boyitilgan ko‘mir, shuningdek, 280 tonnadan ortiq qum va ruda musodara qilindi. Bundan tashqari, 230 litr maxsus kimyoviy moddalar, oltin ajratib olishga mo‘ljallangan laboratoriya uskunalari, maxsus idishlar, gaz ballonlari va boshqa texnik vositalar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirildi.
Tergov jarayonida oltinni ajratib olish uchun sun’iy ravishda yaratilgan, kimyoviy moddalar bilan to‘ldirilgan 4 ta hovuz aniqlanib, 1 gektar yer maydoni noqonuniy ravishda sanoat ishlab chiqarish hududiga aylantirilgani ma’lum bo‘ldi. Hozirda barcha ashyoviy dalillar ekspertizaga yuborilgan bo‘lib, holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.


