Ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy viloyatining Nurota tumanidagi Bo‘ston qishlog‘ida kunduz kuni bo‘rilar yurgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat ekologiya boshqarmasi maʼlumot berdi.
Holat Nurota tumani Ekologiya bo‘limi, O‘zbekiston Ovchi va baliqchilar sport birlashmasi Navoiy viloyat bo‘limi xodimlari hamda tuman IIB bo‘limi tomonidan o‘rganilgan.
O‘rganish davomida mahalla oqsoqollari bilan suhbat o‘tqazilganda videoda aks ettirilgan bo‘rilar Nurota tumanining qo‘shni qishloqlari, yaʼni Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanidagi Qo‘shtomg‘oli, Chinoq va Tepalik qishloqlarida sodir bo‘lganligi aniqlangan. Ishchi guruh tomonidan ushbu holat bo‘yicha Samarqand viloyati Qattaqo‘rg‘on tumani Ekologiya bo‘limiga xabar berilgan.
“Shuningdek, Nurota tumanidagi “Bo‘ston” MFYning tog‘ hududlari atrofida istiqomat qiladigan aholiga o‘zlarining chorva mollarini vaqtinchalik tog‘ hududlarga boqish uchun olib chiqmasligi to‘g‘risida targ‘ibot va tushuntirish ishlari olib borildi”, — deyiladi xabarda.


