1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jamiyat

Nazariya va amaliyot mutanosibligi taʼminlanmas ekan, ishsizlik kamayishi haqida umid qilmasa ham bo‘ladi

Ish beruvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomalarga ko‘ra, OTM bitiruvchilarining 50 foizi yangi ish o‘rinlarida qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Buning asosiy sababi taʼlim dasturlari mehnat bozoriga muvofiq ishlab chiqilmagan. Yosh xodimlar taʼlim muassasasidagi fanlarning maʼlum qismi ish jarayonida kerak bo‘lmayotganini qayd etgan.

Nazariya va amaliyot mutanosibligi taʼminlanmas ekan, ishsizlik kamayishi haqida umid qilmasa ham bo‘ladi

 

 

Malakali kadrlar tayyorlash, ularning raqobatbardoshligini oshirish O‘zbekiston Respublikasi oldida turgan strategik vazifalardan biri. Buning uchun eng avvalo taʼlim va mehnat bozorining hamkorligini yo‘lga qo‘yish muhim. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, uning huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Bandlik va Mehnat munosabatlari, Oliy Taʼlim vazirliklari, YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida tashkil etilgan xalqaro seminarda aynan shu haqda so‘z bordi.

 

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev 31 avgust kuni qayd etganidek, Respublikada oliy taʼlim qamrovi so‘nggi besh yilda 29 foizga oshirildi. Hozirda yuz minglab  bo‘lajak  kadrlar OTMlarda tahsil olmoqda. Bandlik va Mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov har yili  mehnat bozoriga 700 ming yangi ishchi kuchi kirib kelayotganini maʼlum qildi.

 

 

Endilikda ularning soni emas, sifatini oshirish dolzarb ahamiyat kasb etyapti. Vazir o‘rinbosari Bahodir Umrzoqovning aytishicha, O‘zbekistonda 1.4 million bo‘sh ish o‘rni mavjud, ammo 1.5 millionga yaqin ishsiz fuqarolar ham bor. Bunday nomutanosiblikning bosh sabab i–– zarur kasbiy malaka mavjud emasligida.

 

So‘nggi yillarda malakali kadrlar yetishtirish, mehnat bozori bilan taʼlimni integratsiya qilish maqsadida qator ishlar amalga oshirildi. Oliy va O‘rta-maxsus taʼlim vaziri birinchi o‘rinbosari Komiljon Karimov buni hayotning o‘zi taqozo qilayotganini alohida taʼkidladi. 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab OTM o‘quv reja va dasturlari mehnat bozori talablaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqilishiga eʼtibor qaratilmoqda.  

 

 

Shuningdek, kelgusida xususiy sektorni taʼlim sohasiga jalb qilish ustuvor vazifa ekani qayd etildi. Xususiy taʼlim muassasalarini ko‘paytirish orqali raqobatbardoshlikni oshirish mumkin. Hozirda bu yo‘nalishda ham ishlar qamrovi kengaygan. Natija ham shunga yarasha. Ayni damda Respublika bo‘ylab 20 dan ortiq xususiy OTM mavjud.

 

 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent davlat iqtisodiyot va Indoneziya taʼlim universiteti o‘rtasida qo‘shma taʼlim dasturini tashkil etish bo‘yicha shartnoma imzolangani xabar qilingan edi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика