1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Iqtisodiyot

Neft-gaz narxlari nima uchun oshmoqda?

Energetik resurslar narxi ko‘tarilishiga sabab bo‘layotgan asosiy omillar ochiqlandi.

Neft-gaz narxlari nima uchun oshmoqda?

 

Rossiya dunyoda kuzatilayotgan energetik inqirozda muntazam ravishda AQSHni ayblab kelmoqda. O‘tgan haftada bu pozitsiyani “Rosneft” kompaniyasi rahbari Igor Sechin ham qo‘llab-quvvatladi.

 

“Rus neftining xo‘jayini” hisoblangan Sechin Bokudagi Verona Yevroosiyo iqtisodiy forumidagi chiqishida AQSHda Yevropaga nisbatan gaz narxi besh barobar arzonligini, Vashington yevropalik hamkorlarga qimmat narxda suyultirilgan gaz yetkazib berayotganini taʼkidladi. Uning fikricha, joriy inqiroz anʼanaviy energiya manbalariga yetarli darajada investitsiya kiritilmagani va Rossiyaga qarshi sanksiyalar natijasida yuzaga kelgan.

 

Shuningdek, “Rosneft” rahbari Yevropa ham Qo‘shma Shtatlarni energetik tanqislikda katta foyda olishda ayblayotganini iddao qildi.

 

YеI haqiqatdan ham AQSHni ayblayaptimi?

 

Oliy darajada haqiqatdan xam bu kabi ayblovlar yangrab turadi, ammo doimiy ravishda emas. Masalan, Vengriya bosh vaziri Viktor Orban shunday pozitsiyada. Ukrainadagi mojaroga qadar ham u Bryusselni anʼanaviy energiya manbalaridan voz kechgani uchun tanqid qilgandi, mojarodan keyin esa Rossiyaga qarshi sanksiyalar yangi tanqidlarga sabab bo‘ldi.

 

Ammo asosan mavjud inqirozda Rossiya tanqidlar nishoniga aylanadi. Shu bilan birga YEI pozitsiyasiga ham salbiy munosabat shakllangan. Xususan, Yevropaning energetik sohasidagi islohotlari narxlar ko‘tarilishiga taʼsir qildi, degan qarashlar bor.

 

Xo‘sh, unda aybdor kim?

 

Yevropadagi energetik inqirozda faqat bir tomonni ayblash qiyin. Narxlar ko‘tarilishiga bir qator kompleks omillar sabab bo‘lgan.

 

Birinchidan, pandemiyadan keyin iqtisodiy tiklanish davri kutilganidan tezroq boshlandi va bu xomashyo narxlariga taʼsir ko‘rsatdi. Energetik resurslar importiga qaram davlatlarda talab taklifdan ko‘ra ko‘proq bo‘ldi — Yevropada tabiiy gaz narxi Ukraina mojarosidan oldin ham rekord qayd etgandi.

 

Ikkinchidan, “yashil energiyaga o‘tish”, yaʼni, anʼanaviy energiya manbalaridan qayta tiklanuvchi energiya manbalariga bosqichma-bosqich o‘tish ham o‘z taʼsirini ko‘rsatmay qolmadi. G‘arb iqtisodchilari “yashil energetika”ga eʼtiborni kuchaytirish inflyatsiyaga sabab bo‘lishini oldindan ko‘ra bilgandi. Hatto, “grinflyatsiya” atamasi o‘ylab topilgandi (iqlim o‘zgarishi oqibatlariga qarshi kurash natijasida narxlarni ko‘tarilishini anglatadi). Bunga qo‘shimcha tarzda YеI “yashil energiya”ga o‘tishda yetakchi hisoblanadi.

 

Ammo shubhasiz, Rossiya-Ukraina mojarosi mavjud inqirozni chuqurlashtirdi. Sanksiyalar, Yevropaga gaz yetkazib berishning to‘xtab qolishi va mojarodagi umumiy noaniqliklar — so‘nggi sakkiz oyda energetik resurslar narxi oshishiga sabab bo‘lgan asosiy omillardir. “Shimoliy oqim”lardagi portlashlar, OPEC+‘dagi neft qazib olishni qisqartirish bo‘yicha kelishuv ham neft va gaz narxining ko‘tarilishiga olib keldi.

 

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика