26 iyul kuni AQSH davlat kotibining birinchi o‘rinbosari Vendi Sherman Xitoyga tashrif buyurdi va rasmiy doiralar bilan uchrashdi. AQSH davlat departamenti bu uchrashuvni “ochiq va to‘g‘ridan-to‘g‘ri” deb baholagan bo‘lsa-da, amalda hech qanday natijaga erishilgani yo‘q. Muloqot chog‘ida Xitoy tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Se Fen AQSHni Xitoy taraqqiyotini cheklashga harakat qilayotganlikda aybladi. O‘z navbatida Sherman Xitoyning inson huquqlari bo‘yicha siyosati Vashingtonda xavotirlarga sabab bo‘layotganini bildirdi. Shunday bo‘lsa-da uchrashuv har ikkala tomon uchun ham muhim hisoblanadi. So‘nggi bor bunday uchrashuv 2021 yil martida Alyaskada o‘tkazilgan va tomonlar kelisha olmay, ikki tomonlama munosabatlarning yana-da sovuqlashuviga sabab bo‘lgandi. Deyarli yarim yildan keyin Shermanning tashrifi AQSH-Xitoy munosabatlariga biroz “iliqlik” bag‘ishlaydi.
Nima uchun AQSH-Xitoy munosabatlari tobora sovuqlashmoqda?
AQSH-Xitoy munosabatlari sovuqlashishiga tabiiy jarayon deb qarash lozim. 1991 yilda Sobiq Ittifoqning qulashi va “Sovuq urush”ning yakunlanishi AQSHni dunyoning yakka gegemon davlatiga aylantirdi. O‘sha yillarda AQSH jahonning eng qudratli mamlakati edi va xalqaro munosabatlarda markaziy o‘rinni egallardi. Xitoy esa uzoq yillar mobaynida hech qaysi yirik kuch bilan siyosiy raqobatga kirishmay, asosiy eʼtiborni iqtisodiyotga qaratdi. Xitoy iqtisodiy taraqqiyoti “otasi” Den Syaopin o‘z siyosiy vasiyatida Xitoyning bo‘lajak yetakchilariga hech qachon gegemonlikka daʼvo qilmaslikni taʼkidlagan edi. Xitoy rahbarlari bu vasiyatga amal qilishdi va iqtisodiy islohotlarni davom ettirib, ulkan yutuqlarga erishdi. Asta-sekinlik bilan Xitoy qo‘lida ulkan resurslar to‘plandi va bu mamlakatning barcha sohalarini modernizatsiya qilishga imkon berdi. Shuningdek, Xitoy dunyoning barcha nuqtalarida iqtisodiy faolligini oshirdi, jumladan Afrikaga eng ko‘p investitsiya kiritgan davlatga aylandi, shuningdek, 2020 yilda esa tarixda ilk bor AQSHni surib chiqarib, Yevropaning birinchi savdo hamkoriga aylandi. Shuningdek, Xitoy Qurolli kuchlari ham modernizatsiya qilinmoqda. O‘tgan yili Sharqiy Osiyoda XXR harbiy floti ilk bor son jihatdan AQSHdan o‘tib ketdi. Bularning bari o‘z navbatida AQSHning gegemon mavqeiga putur yetkazadi. Bunday sharoitda AQSH-Xitoy munosabatlari sovuqlashishi tabiiy edi. Shu sababli AQSH siyosiy va iqtisodiy elitasida Xitoyga qarshi kayfiyat kuchayib bordi.
AQSH-Xitoy munosabatlari yomonlashuviga ikki davlat savdo aylanmasi ham sabab bo‘ldi. Masalan, 2017 yilda ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 710.4 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, shundan 187.5 milliard dollar AQSH eksportiga, 522.9 milliard dollar Xitoy eksportiga to‘g‘ri kelgan. Bu AQSH tashqi savdosida katta defitsitni vujudga keltirdi. AQSH sobiq prezidenti Donald Tramp Xitoy bilan savdo aloqalarini bir necha bor qattiq tanqid qilgan edi. Shuningdek, Tramp 2017 yil avgustida Xitoyni intellektual mulkni noqonuniy o‘zlashtirishda aybladi va bunga qarshi surishtiruv boshlashga buyruq berdi.
Tramp Xitoy bilan savdo balansini AQSH foydasiga to‘g‘rilash maqsadida Xitoy tovarlariga katta miqdorda boj joriy qilishni taklif qildi va bu 2018 yilda ilk bora amalga oshirildi. O‘z navbatida Xitoy ham AQSH tovarlariga boj joriy qildi va natijada ikki davlat o‘rtasida savdo urushi boshlanib ketishiga sabab bo‘ldi. Ikki davlat vakillari bir necha bor kelishishga harakat qilgan bo‘lsa-da, ammo amalda bu hech qanday natija bermadi. Savdo urushi 2019 yilda o‘z cho‘qqisiga chiqdi, shu yili AQSH “Huawei” kompaniyasiga qarshi sanksiyalar joriy etdi, “Huawei”ning Android tizimidan uzib qo‘yish xavfi vujudga keldi. Keyinchalik kompaniya vakillari kelishuvga erishgan bo‘lsalarda, bu Xitoy texnologik kompaniyalari kelajagi uchun katta xavfni vujudga keltirdi.Jo Bayden prezidentligi davrida AQSH Xitoy tashkilot va kompaniyalariga sanksiyalar joriy qilishda davom etmoqda, bu esa shusiz ham tarang bo‘lgan munosabatlarni yana-da yomonlashtirmoqda.
COVID-19‘ning vujudga kelishi masalasidagi noaniqliklar ham ikki tomonlama munosabatlarning sovuqlashishiga sabab bo‘ldi. AQSH sobiq prezidenti Tramp virusni Uxandagi laboratoriyada vujudga kelgan deb taʼkidlagan edi. Xitoy esa o‘z navbatida virus AQSHning Fort-Detrik laboratoriyasida paydo bo‘lgan deb aytib keladi. Bu ayblovlarni ikki davlatning global axborot urushidagi yurishlaridan deb baholash mumkin.
Munosabatlar yaxshilanadimi?
Ko‘plab ekspertlarning fikricha munosabatlar yaxshilanishidan umid qilmaslik kerak. AQSH Xitoyni XXI asrdagi asosiy raqobatchisi deb biladi va uni tiyib turish uchun barcha vositalardan foydalanadi.
Jumladan, 27 iyul kuni Jo Bayden AQSH Milliy Razvedka boshqarmasidagi chiqishida Rossiya va Xitoyni AQSHning kelajakdagi asosiy raqobatchisi bo‘lishi mumkinligi aytib o‘tdi. Baydenning maʼlum qilishicha, XXR 2040 yillar o‘rtalariga kelib harbiy jihatdan dunyoning eng kuchli davlatiga aylanishni maqsad qilgan.
Xitoy ham endilikda Den Syaopin vasiyatiga ko‘ra, “soya”da qola olmaydi. So‘nggi 20 yilda Pekin qo‘lida juda katta iqtisodiy, siyosiy va harbiy resurslar to‘plandi, bu Xitoy ambitsiyalari oshishiga sabab bo‘ladi.
AQSH-Xitoy munosabatlari keyingi o‘n yilliklarda xalqaro munosabatlarda markaziy o‘rinni egallaydi. Global iqtisodiy barqarorlikning saqlanib qolishida AQSH-Xitoy munosabatlari yaxshilanishi juda muhimdir.
Jahongir Qo‘ziyev


