1️⃣ Tabiiy talab. O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan keyin o‘tgan 30 yil ichida aholisi roppa-rosa ikki barobar o‘sgan davlat hisoblanadi. Ittifoqdan ajralib chiqish chog‘ida ham biz turar-joy yetishmovchiligi holatida bo‘lganmiz. Yaʼni muammo tarixiy ildizlarga ega va aholi ko‘payishi bilan yana-da murakkablashdi. Hozir ham shuncha qurilishlarga qaramay aholi o‘sishi ancha oldinda. Qolaversa, ko‘p uy qurish nari borsa 6-7 yil oldin boshlandi xolos;
2️⃣ Yoshlikni eslang – bir hovlida ota-ona, aka-ukalar xotinlari bilan bemalol yashayverishgan (“Kelinlar qo‘zg‘oloni”). Albatta, o‘sha davrlarda oqibat, samimiylik kuchliroq bo‘lgani ham bor gap. Lekin asosiy sabab bir hovlida bo‘lsa-da, boshpanalik bo‘lish ham katta yutuq hisoblangan. Bir uy, bir dahlizga shukr qilingan. Bugun esa har qanday oila alohida turar-joy istaydi. Bir hovlida 2-3 oila yashashi juda kamyob hodisaga aylandi. Bu ham talab oshishiga xizmat qiladi;
3️⃣ Yangi uylar ko‘p qurilyapti, lekin ularning ko‘p qismi investitsion maqsadlarda sotib olinyapti. Yaʼni haqiqiy uyga muhtoj odamlardan tashqari ko‘chmas mulk bahosi oshishini bilgan va ijaradan daromad qila oladigan tadbirkorlar sinfi shakllanib ulgurdi. Ijarada yashash esa u qadar g‘ayritabiiy holat bo‘lmay qoldi;
4️⃣ Tan olmasakda, aholi daromadi oshyapti va juda ko‘pchilik birinchi navbatda ko‘chmas mulk xarid qilishga harakat qilyapti. Bozorda esa har doimgidek talab/taklif qonuni ishlaydi. Shu bilan bir paytda qurilish materiallari, ish haqi ham muttasil oshyaptiki, bular yangi qurilishlar arzonlashuviga to‘siq;
5️⃣ O‘zbekistonda urbanizatsiya (shaharlarga ko‘chish) ancha kech boshlangan va hanuz davom etmoqda. Demak yirik shaharlarga bosim hali saqlanib turadi, ko‘chmas mulk ham qiymatini yo‘qotmaydi. Shaharlarda qurilishlar ko‘payishi mantiqqa zid bo‘lsada, bir jihatdan hatto o‘sha ko‘chmas-mulkning qiymati oshaverishiga xizmat qilib ham qoladi. Chunki maydon kichrayavergani sari yerning bahosi ortaveradi. Qolaversa, korrupsiya omili ham juda jiddiy. Yerni egallashda qora sxemalardan foydalaniladi, qurilishda o‘g‘irlik ko‘p, hujjatlashtirish shaffof emas. Bularning hammasi qo‘shimcha xarajatga aylanib, oxir-oqibat o‘sha xaridorning gardaniga tushadi.
Nazarimda asosan mana shu omillar uy-joy bahosining oshishiga taʼsir qilmoqda.
Bugungi kunda faol hayotga kirib kelayotgan yoshlarning aksariyati xonadon sotib olish ishtiyoqida yonishadi. Bu juda quvonarli holat. Chunki aniq maqsad bor, intilish bor. Ularning har biriga omad bersin! Oldin ham aytganimdek, uy qimmatligi ishtiyoqni so‘ndirmasligi kerak, aksincha, yuksakroq marralarni ko‘zlashga undashi lozim.
Eslatib o‘tamiz, saytimizda muallifning "Qanday qilib uy olsa bo‘ladi?" sarlavhali maqolasi nashr etilgandi.
Abror Zohidov


