1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jahon

Nega Tog‘li Qorabog‘ yana notinch?

Seshanba kuni Ozarbayjon hududda “mahalliy aksilterror choralari” boshlanganini eʼlon qildi.

Nega Tog‘li Qorabog‘ yana notinch?

 

Seshanba kuni Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘da “mahalliy aksilterror choralari” boshlanganini eʼlon qildi. Mamlakat Mudofaa vazirligi bayonotida aytilishicha, ularning maqsadi Ozarbayjon harbiy xizmatchilari xavfsizligini taʼminlash va mintaqada Ozarbayjon Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini tiklashdir.

 

“Uch tomonlama bayonot qoidalarini taʼminlash maqsadida Qorabog‘ iqtisodiy rayonida keng ko‘lamli provokatsiyalarni bostirish, Armaniston qurolli kuchlarini hududlarimizda qurolsizlantirish va olib chiqib ketish, ularning harbiy infratuzilmasini zararsizlantirish, hududlarga qaytgan tinch aholi xavfsizligini taʼminlash choralari boshlandi”, — deyiladi xabarda.

 

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning xalqaro masalalar bo‘yicha maslahatchisi Hikmet Hajiyev «Politico» nashriga bergan intervyusida mahalliy arman aholisi bo‘lajak operatsiya haqida SMS-xabarlar orqali ogohlantirilganini aytdi.

 

Ozarbayjon armiyasi va Rossiya tinchlikparvar kuchlari Shushaga kiraverishdagi nazorat-o‘tkazish punktlarida birgalikda navbatchilik qilmoqda. Xususan, shaharga kirish joylaridan birida Ozarbayjon qo‘shinlarining zirhli texnikalari va Rossiya tinchlikparvar kuchlarining bronetransportyorlari o‘rnatilgan.

 

Ozarbayjon Xankendi, armanlar  Stepanakert deb ataydigan shahar Ozarbayjon qurolli kuchlarining nazorati ostida. Shaharda Qorabog‘ armiyasini qurolsizlantirish ishlari olib borilmoqda. Xonkendi atrofidagi balandliklarda Ozarbayjon qo‘shinlarining pozitsiyalari o‘rnatildi.

 

Shaharda Qorabog‘ning qurol-yarog‘ va harbiy texnikasini Ozarbayjon harbiylariga topshirish jarayoni davom etmoqda.

 

Ozarbayjon matbuoti xabariga ko‘ra, havo hududi Armaniston aviatsiyasi uchun yopiq. KLM Airlines aviakompaniyasi Ozarbayjon havo hududi orqali parvozlarni bekor qilganini eʼlon qildi.

 

“Rossiya ziddiyatli tomonlarni diplomatik yechimga qaytishga chaqiradi”, — dedi federatsiya TIV matbuot kotibi Mariya Zaxarova.

 

Qorabog‘dagi mojaro avj olgan bir paytda Yerevanda hukumat binosi yonida yuzlab odamlar bosh vazir Pashinyan siyosatiga qarshi chiqish va uning Tog‘li Qorabog‘ atrofidagi vaziyatga aralashuvini talab qilish uchun yig‘ilishdi. Namoyishchilar bilan politsiya o‘rtasidagi to‘qnashuvlar natijasida bir necha kishi jarohatlangan.

 

Respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi bayonotida aytilishicha, politsiya xodimlari ham, fuqarolar ham tibbiy yordamga murojaat qilishgan.

 

Hukumat binosi yaqinida to‘plangan namoyishchilar Qorabog‘da yana kuchaygan mojaroga Bosh vazir Nikola Pashinyandan aralashuvni talab qilib, hukumatga qarshi shiorlar aytishdi. Keyinroq namoyishchilar hukumat binosiga bostirib kirishga uringan, shundan so‘ng politsiya kuch ishlatgan.

 

AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken tez orada Tog‘li Qorabog‘dagi yangi mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal qilishga urinishda ishtirok etib, Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi muzokaralarda vositachi bo‘lishi mumkinligini aytdi.

 

“Biz tomonlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarni boshlashga chaqiramiz. Qo‘shma Shtatlar Armaniston va Ozarbayjonning uzoq yillik muammolarni hal qilish va tinchlikka erishish bo‘yicha saʼy-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga sodiq qoladi”, — dedi AQSH Davlat kotibi.

 

Bir kun avval Xalqaro Qizil Xoch kolonnasi Stepanakertga insonparvarlik yordami: dori-darmon, oziq-ovqat va eng zarur mahsulotlarni yetkazib berdi.

 

Blinken insonparvarlik yordamining yetkazilishi Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan yaqinda olib borilgan muzokaralar natijasi ekanini qayd etgan.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика