1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Nikohlar kamayib, ajrashishlar soni ortdi

Statistika agentligi O‘zbekistonning 2022-yildagi asosiy demografik ko‘rsatkichlarini taqdim etdi.

Nikohlar kamayib, ajrashishlar soni ortdi

 

Statistika agentligi O‘zbekistonning 2022 yildagi asosiy demografik ko‘rsatkichlarini taqdim etdi. Unga ko‘ra, o‘tgan yili mamlakatda qayd etilgan nikohlar soni 296,7 mingtani tashkil etib, so‘nggi 5 yilda sezilarli kamaygan. Nikohdan ajrashishlar soni esa 48,7 mingtani tashkil etib, oxirgi 5 yilda ko‘paygan.

 

2022 yilda O‘zbekistonda nikohlar kamayib, ajrashishlar ko‘paygan. Bu haqda Statistika agentligi tomonidan taqdim qilingan O‘zbekistonning 2022 yildagi asosiy demografik ko‘rsatkichlarida qayd etilgan. Bu haqda Gazeta.uz maʼlum qildi.

 

Tahlillarga ko‘ra, yanvar-dekabr oylarida qayd etilgan nikohlar soni 296,7 mingtani tashkil etib, so‘nggi 5 yilda sezilarli kamaygani kuzatilgan. Misol uchun, 2018 yilda 311,4 mingta, 2019 yilda 310,9 mingta, 2020 yilda 296,8 mingta, 2021 yilda 305,2 mingta nikoh qayd etilgan.

 

2022 yilda nikoh qurganlar shaharlarda 149,3 mingtani, qishloq joylarida 147,4 mingtani tashkil etdi. Nikohlangan ayollarning o‘rtacha yoshi 22,3 yoshni, erkaklarning o‘rtacha yoshi esa 26,5 yoshni tashkil etgan. Nikohlarning eng ko‘pi, yaʼni 55,5 foizi 25 yoshgacha bo‘lganlar orasida tuzilgan.

 

«So‘nggi 5 yil davomida qayd etilgan nikohlar soni oylar kesimida tahlil etilganda, nisbatan kam nikoh tuzganlar soni aprel va may oylariga, eng ko‘p nikoh tuzganlar soni esa sentyabr-oktyabr oylariga to‘g‘ri keladi», — deyiladi hisobotda.

 

2022 yilda nikohdan ajrashishlar soni 48,7 mingtani tashkil etib, so‘nggi 5 yilda sezilarli ko‘paygani kuzatildi. Misol uchun, 2018 yilda 32,3 mingta, 2019 yilda 31,4 mingta, 2020 yilda 28,2 mingta, 2021 yilda 39,3 mingta ajrashish qayd etilgan.

 

2022 yilda nikohdan ajralishlarning 30,2 mingtasi shaharda, 18,5 mingtasi qishloq joylarida kuzatilgan.

 

«Nikohdan ajrashganlarning o‘rtacha yoshi erkaklar uchun 39,2 yoshni, ayollar uchun 33,1 yoshni tashkil etgan. Nikohdan ajrashganlarning eng ko‘pi, yaʼni 50,5 foizi 35 yoshgacha bo‘lganlarga to‘g‘ri keladi», — deyiladi hisobotda.

 

Nikohdan ajrashganlarning farzandlar soni bo‘yicha taqsimlanishi quyidagicha: 34,3 foizi farzandsiz, 41,9 foizi bir farzandi bilan, 23,8 foizi 2 va undan ortiq farzandi bilan ajrashgan.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика