Rossiya Davlat Dumasining Mehnat, ijtimoiy siyosat va faxriylar ishlari bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Yaroslav Nilovning ma’lum qilishicha, Rossiyaga ishlash uchun kelayotgan xorijliklarga nisbatan tibbiy talablar kuchaytirilishi mumkin. Unga ko‘ra, migrantlar mamlakatga kirishda bir qator kasalliklar bo‘yicha salomatlik ma’lumotnomasini taqdim etishi shart bo‘ladi.
Nilov bu haqda o‘zining Telegram kanalida xabar bergan. U ilgari surgan taklifga ko‘ra, xorijliklar OIV, B va S gepatiti, sil, sifilis kabi kasalliklardan holi ekanini tasdiqlovchi tibbiy hujjat, shuningdek, organizmida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar yo‘qligini ko‘rsatuvchi test natijalarini ko‘rsatishi kerak bo‘ladi.
"Rossiyaga kelgan chet elliklar bu yerga o‘z muammolarini emas, balki bizning muammolarimizni hal qilish uchun kelishlari kerak", — dedi deputat.
Uning aytishicha, qonun loyihasi allaqachon Davlat Dumasi muhokamasiga taqdim etilgan. Taklif qabul qilinsa, tegishli hujjatlarsiz migrantlarga Rossiya hududiga kirishga ruxsat berilmaydi.


