O‘tgan haftada NATO mudofaa vazirlari Bryusselda uchrashdi. Unda Ukrainaga qancha va qay tarzda qurol yetkazib berish masalasi ko‘rib chiqildi.
NATOning harbiy mojarodagi ishtiroki avvalboshdan Kiyevga mudofaa uchun yetarli darajada qurol yetkazib berish hamda Rossiya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri nizoga kirmaslik edi. Ammo Ukraina hukumati buni yetarli emas deb hisoblamoqda. Kiyevdagilar Rossiyaning Donbassga hujumini qaytarish uchun eng avvalo armiyada Javelin, Stinger va Starstreak tankka qarshi va zenit raketalar tizimi zahirasini ko‘paytirish zarurligini aytyapti.
Ushbu qurollar yetkazib berilmoqda, ammo uni yana-da ko‘paytirish zarurligi taʼkidlangan.
Ukraina tank, harbiy samolyot, uchuvchisiz qurilma va havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlarini so‘ramoqda. Ammo NATO bunga shoshilmayapti. Sababi – Rossiya bilan ehtimoliy eskalatsiya xavfi bor.
Alyans Moskvaning taktik yadro qurolidan foydalanishidan yoki urush Ukraina chegaralaridan chiqib ketishi cho‘chimoqda. G‘arb buni yaxshi anglaydi.
Hozirga qadar Ukrainaga qancha yordam berildi?
Kiyevga Yevropaning 30 dan ortiq davlati 1 milliard yevro, AQSH esa 1.7 milliard dollarlik harbiy yordam berdi. Hozircha yetkazib berilayotgan qurollar asosan, tankka qarshi raketalar va zenit raketa tizimlari, o‘q-dori va himoya vositalari bilan cheklanmoqda. Ammo NATOning og‘ir qurollarni yetkazib berishdan qochishi Chexiyaning Ukrainaga T-72 tanklarini taqdim etishiga xalal bermadi.
Prezident Putin nizo boshlanishidayoq butun dunyoga Rossiyaning yadro davlati ekanini va strategik yadro qurollarining tayyorgarlik darajasini yana-da oshirishini maʼlum qilgandi.
Rossiya harbiy doktrinasi qurolli mojarolarning dastlabki bosqichida kam quvvatli taktik yadro bombalaridan foydalanishga ruxsat beradi. NATOning strategik rejalashtirish bo‘yicha mutaxassislari fikricha, bu ishning amalga oshirilishi katta vayronalikka olib kelmasa va uning zarar yetkazish radiusi kam masofani qamrab olsa-da, G‘arb va Rossiya o‘rtasida keng ko‘lamli yadro urushi boshlanib ketishi xavfi ortib ketadi.
Shunday bo‘lsa-da, NATOning ayrim davlatlari Kiyevga hujumkor tizimlarni berishda o‘zida kuch topa oldi. Masalan, Chexiya T-72 tanklarini, Slovakiya esa S-300 tizimini yetkazib berdi. urushning boshlang‘ich davrida bu kabi qadamlar o‘ta xavfli deb hisoblanar edi.
Buyuk Britaniya parlamenti mudofaa qo‘mitasi rahbari Obias Ellvudning fikricha, NATO Ukraina uchun ko‘proq harakat qilishi kerak.
“Biz yetkazib berishga tayyor bo‘lgan tizimlar bo‘yicha o‘ta ehtiyotkorlikka yo‘l qo‘ydik. Qatʼiyroq harakat qilishimiz kerak. Biz Ukrainaga yashab qolish uchun yetarli qurol beryapmiz, ammo g‘alaba qozonish uchun bu kamlik qiladi. Vaziyatni o‘zgartirish kerak”, – degan u.
Qaysi holatda Rossiya-Ukraina nizosi umumevropa urushiga aylanib ketishi mumkin?
Mutaxassislar uch ssenariyda urushga NATO ham tortilishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
1.NATOning kemaga qarshi raketalari Odessadan otilsa va ko‘plab Rossiya dengizchilari halokatiga sabab bo‘lsa. Shunda Putin qaysidir maʼnoda reaksiya bildirishga majbur bo‘ladi.
2.Rossiya NATO davlatlaridan kelayotgan qurollar kolonnasiga zarba bergan taqdirda. Agarda bu zarbalar alyansga aʼzo davlat hududida amalga oshirilsa, bu NATO ustavining 5 moddasi ishga tushishiga sabab bo‘ladi. Natijada blokka aʼzo mamlakatlarning barchasining nizoga tortilishiga olib keladi.
3.Donbassdagi janglar paytida kimyoviy obyektlar portlatilsa va havoga zaharli gazlar tarqab ketsa. Hozirga qadar bu kabi holatlar kuzatilgan, ammo odamlarning o‘limiga olib kelmadi. Agar Rossiya armiyasi ushbu zarbalarni atayin bergani aniqlansa, NATO maʼlum reaksiya bildirishi zarur bo‘ladi.
Ammo bu ssenariylarning hech biri amalga oshmasligi ehtimoli yuqori.
G‘arb davlatlari Moskvaga qarshi birlashgan bo‘lsa-da, ko‘pchilik ularning aniq strategiyasi mavjud emas. Nomi sir qolishni istagan Britaniya mudofaa vazirligi amaldoriga ko‘ra, “Biz Ukrainaga uchinchi jahon urushidan tashqari, istalgan yordamni berishga tayyormiz. Muammo shundaki, Putin bizdan ko‘ra pokerni yaxshiroq o‘ynaydi”.
Obias Ellvud ham u fikrga qo‘shilgan. Uning fikricha, Rossiya eskalatsiya bilan o‘ta samarali tahdid qilmoqda va G‘arb bundan qo‘rqib qolgan.


