Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Bangladesh shimolida Nipah virusi bilan kasallangan ayol vafot etganini tasdiqladi. Ma’lum qilinishicha, bemorda kasallikning dastlabki alomatlari 21-yanvar kuni kuzatilgan. Unda isitma, bosh og‘rig‘i va tutqanoq xurujlari qayd etilgan, keyinchalik esa orientatsiyani yo‘qotish hamda kuchli so‘lak ajralishi kuzatilgan. Ayol bir hafta o‘tib vafot etgan, tashxis esa o‘limidan keyin laborator tekshiruvlar orqali tasdiqlangan. Bu haqda The Guardian nashri xabar berdi.
Sog‘liqni saqlash mutaxassislari bemor bilan aloqada bo‘lgan 35 nafar shaxs kuzatuv ostiga olinganini ma’lum qildi. Ularning barchasida o‘tkazilgan testlar manfiy natija ko‘rsatgan va hozircha yangi kasallanish holatlari aniqlanmagan.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, Nipah virusi yuqori xavfli infeksiyalar qatoriga kiradi. Kasallikdan o‘lim darajasi turli holatlarda 40 foizdan 75 foizgacha yetishi mumkin. Virus odatda ko‘rshapalaklar orqali yuqadi, ayrim hollarda esa odamdan odamga yuqishi ehtimoli mavjud.
Mutaxassislar infeksiyadan himoyalanish uchun meva va oziq-ovqat mahsulotlarini yaxshilab yuvish, yovvoyi hayvonlar bilan bevosita aloqa qilmaslik, shuningdek, himoya vositalaridan foydalanishni tavsiya etmoqda. Hozircha Nipah virusiga qarshi tasdiqlangan vaksina yoki maxsus davolash usuli mavjud emas.
Eslatib o'tamiz, avvalroq O‘zbekistonda Hindistondan hayvon va chorvachilik mahsulotlari importi vaqtincha cheklangani xabar qilingan edi.


