Niderlandiyaning Veyk-an-Zee shahrida bo‘lib o‘tayotgan shaxmat bo‘yicha 2026-yilgi Tata Steel Chess turnirida o‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov chempionlikni qo‘lga kiritdi. Umumiy sovrin jamg‘armasi 1,2 million AQSH dollarini tashkil etadigan musobaqa dunyoning eng nufuzli shaxmat turnirlaridan biri hisoblanadi.
Masters guruhi doirasidagi 13-tur uchrashuvida Abdusattorov hindistonlik Arjun Erigaisi ustidan g‘alaba qozonib, ochkolari sonini 9 taga yetkazdi. Ushbu natija unga turnir jadvalida yakka peshqadam sifatida birinchi o‘rinni ta’minladi va chempionlikni rasman kafolatladi.
Turnir davomida Nodirbek bir qator kuchli raqiblar ustidan muhim g‘alabalarga erishdi. Xususan, u jahon chempioni Gukesh Dommaraju, germaniyalik Vinsent Keymer va Mattias Bluebaumni mag‘lub etdi. Shuningdek, bir nechta uchrashuvlar durang bilan yakunlandi, faqat bitta partiyada mag‘lubiyat qayd etildi.
Ma’lumot uchun, Nodirbek Abdusattorov avvalgi yillarda ham Tata Steel Chess turnirida sovrinli o‘rinlarni egallab kelgan. U 2023-yilda ikkinchi, 2024 va 2025-yillarda uchinchi o‘rinni olgan edi. 2026-yilgi musobaqada esa u faoliyatidagi eng muhim yutuqlardan biriga erishib, uzoq kutilgan chempionlikni qo‘lga kiritdi.


