Mo‘g‘uliston vazirlar mahkamasi “Erdenes Tavan-Tolgoy” davlat kompaniyasi bilan bog‘liq shartnomalarni ochiqlashga qaror qildi. Bundan oldin mamlakatda Xitoyga ko‘mir sotish jarayonida yuz bergan o‘g‘irliklar sababli ommaviy namoyishlar sodir bo‘lgandi.
“Milliy korrupsiyaga qarshi qo‘mitasi tavsiyasi bilan maxfiy shartnomalarning to‘qqiztasini ochiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. bu kelishuvlar korrupsiyaga qarshi kurash agentligi va parlamentda tuzilgan muvaqqat qo‘mitaga tekshiruv uchun beriladi. Shartnomalarni ochiqlash agentlikka surishtiruv o‘tkazishga, jamoatchilikka esa holat bilan yaqindan tanishishga yordam beradi”, – degan hukumat kotibiyati mudiri Dashzegviyn Amarbayasgalan.
Uning qo‘shimcha qilishicha, ochiqlanadigan shartnomalar temiryo‘l qurilishi bilan bog‘liq.
4 dekabrda OAVda 12.9 milliarddan 17.6 milliard dollar miqdorida ko‘mir o‘g‘irlanishi to‘g‘risidagi xabarlardan so‘ng, Mo‘g‘ulistonda norozilik namoyishlari boshlangandi. 5 dekabrda namoyishchilar hukumat saroyini ishg‘ol qilishga urindi. 7 dekabrda parlamentda holat yuzasidan surishtiruv komissiyasi tuzildi. Kecha esa ko‘mir o‘g‘irlanishida gumondorlar qamoqqa olindi.


