AOKAda o‘tkazilgan brifingda Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi axborot xizmati rahbari Mohruxsor Tog‘ayeva noto‘g‘ri reklamalarni oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan maʼlumot berdi.
Taʼkidlanishicha, agentlik tomonidan barcha manbalar orqali joylashtirilgan reklamalarning qonunchilik talablariga mosligi yuzasidan doimiy o‘rganish va kuzatuvlar amalga oshiriladi.
Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida 39 mingdan ortiq o‘rganishlar o‘tkazilgan bo‘lib, shundan 13 minga yaqin holatda turli kamchiliklar aniqlangan va ularni tezkor bartaraf etish choralari ko‘rildi.
Xabaringiz bor, joriy yil 9 sentyabr kuni yangi tahrirdagi “Reklama to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi.
Qonunga bir qator yangi tushunchalar, normalar belgilangan va reklamaga qo‘yilgan talablar kuchaytirildi.
Xususan, qonunda dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalar reklamasida taniqli shaxslar, tibbiyot xodimlari ishtirokidan foydalanish man etiladi. Shuningdek dori vositasini noyob, eng samarali, eng xavfsiz deb taqdim etish mumkin emas.
Biologik faol qo‘shimchalar reklamasida esa, ularni davolash xususiyatlarga egaligi haqida maʼlumot berish, fuqarolarning minnatdorchiligini ko‘rsatish va ularni dori vositalariga nisbatan afzalligi haqidagi taassurotni yuzaga keltirish taqiqlangan.
Agentlik tomonidan mazkur yo‘nalishda o‘rganilgan reklamalarning 647 tasida kamchiliklar aniqlandi va bartaraf etildi.


