Qoidabuzar M.A. tanishiga tegishli “Lacetti” rusumli avtomashinani Nukus shahri, Kattagar jag‘asi ko‘chasida boshqarib kelayotib, burilish qoidalariga amal qilmasdan “Cobalt” rusumli avtomashinaga yo‘l bermasdan avtohalokat sodir etganligi oqibatida ushbu avtomashinalarga jami 71,6 mln so‘m moddiy zarar yetkazgan.
Yetkazilgan zararlarni undirish haqida Jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus shahar sudi tomonidan 14.10.2025 yilda qaror qabul qilingan.
Ushbu sud qaroriga asosan chiqarilgan ijro varaqa Majburiy ijro byurosi Nukus shahar bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va bo‘lim davlat ijrochisi tomonidan ijro harakatlariga kirishilgan.
Xususan, qarzdorga 15 kunlik muddat ichida sud qarori ijrosi taʼminlanishi kerakligi, aks holda qarzdorlikka qo‘shimcha ijro yig‘imi qo‘llanilishi, shuningdek maʼmuriy jarimaga tortilishi mumkinligi haqida tushuntirish ishlari olib borilgan.
Shuning natijasida, jabrlanuvchilar Byuroning Nukus shahar bo‘limiga kelib, yetkazilgan 71 mln. so‘mdan ortiq moddiy zararni to‘liq olib olganligi haqida bildirishnoma bergan.


