Kecha O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida AQShning Nyu-York shahri meri Erik Adams boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Palata raisining maslahatchisi Umid Safarov, respublikamizning yetakchi tadbirkorlari hamda bir qator biznes uyushmalari vakillari ishtirok etdi.
Muloqot chog‘ida tomonlar savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, qo‘shma kooperatsiya loyihalarini rivojlantirish hamda ikki hudud o‘rtasidagi biznes aloqalarini kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuv davomida Umid Safarov O‘zbekiston tadbirkorlarini AQSh kapital bozorlari bilan ishlashga tayyorlash maqsadida Nyu-York fond birjasi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yish, mamlakatda Amerika oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda biznes maktabi va akseleratsiya dasturlarini yaratish, shuningdek, Toshkentda qo‘shma kasb-hunar kollejini tashkil etish takliflarini bildirdi.
Kichik biznes uyushmasi raisi Kamolat Mirzaaliyeva esa Nyu-York kichik biznes birlashmasi bilan hamkorlik o‘rnatish va mahalliy mahsulotlarning AQSh bozoriga eksportini kengaytirish borasida yordam so‘radi.
Tadbirkorlar tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Amerika bozoriga yetkazib berishni kengaytirish, biokimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish va innovatsion loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha tashabbuslar ilgari surildi.
Uchrashuv konstruktiv ruhda o‘tdi va ikki tomonlama biznes aloqlarini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilishi kutilmoqda.


