AQShning Nyu York shahrida 11 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Amira Aminova yo‘l-transport hodisasi oqibatida vafot etdi. Bu haqda O‘zbekistonning Nyu Yorkdagi Bosh konsulxonasi ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, fojea 2026-yil 5-fevral kuni Bruklinning Bat-Bich hududida sodir bo‘lgan. Amira chorrahani piyodalar yo‘lagidan kesib o‘tayotgan paytda o‘ng tomonga burilayotgan maktab avtobusi uni urib yuborgan. Guvohlar va videoyozuvlarga ko‘ra, qiz avtobusdan qochishga harakat qilgan, biroq transport vositasi uni urib ketgan.
Jabrlanuvchi og‘ir ahvolda Maymonides tibbiyot markaziga olib borilgan, ammo shifokorlar uning hayotini saqlab qololmagan.
Politsiya 62 yoshli avtobus haydovchisini hodisadan ko‘p o‘tmay to‘xtatib, unga piyodaga yo‘l bermaslik va ehtiyot choralarini ko‘rmaslik bilan bog‘liq ayblovlar qo‘ygan. U sudga chaqiruv qog‘ozi asosida javobgarlikka tortilishi kutilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, haydovchi hodisa vaqtida Consolidated Bus Service kompaniyasida ishlagan. Hozirda tergov harakatlari davom etayotgani aytilmoqda.
Bosh konsulxona marhumaning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirib, qizaloqning onasi bilan doimiy aloqada ekanini ma’lum qilgan. Shuningdek, voqea yuzasidan mahalliy vakolatli idoralar bilan hamkorlik olib borilmoqda.
Diplomatik vakolatxonalar marhumaning oilasiga zarur konsullik va tashkiliy yordamni ko‘rsatishga tayyor ekanini ham bildirgan.


