Eron zilziladan jabr ko‘rgan Suriyaga insonparvarlik yordami yetkazib berishdan harbiy texnikani tashish uchun niqob sifatida foydalangan. Bu haqda Reuters agentligi Eron, Rossiya, Isroil va G‘arb mamlakatlaridagi to‘qqizta manbaga tayanib, xabar berdi.
Agentlik maʼlumotlariga koʻra, insonparvarlik yordami niqobi ostida Eron samolyotlari tomonidan Suriya aeroportlariga yetkazilgan texnika havo hujumidan mudofaa tizimini mustahkamlash va Suriyadagi Eron nishonlariga Isroil tomonidan berilgan hujumlarni qaytarish uchun ishlatilgan. Uskunalar quruqlik orqali ham yetkazib berildi.
Reuters manbalarining ta'kidlashicha, Erondan Suriya hududiga yetkazilgan yuklar aloqa tizimlari, radar qurilmalari, havo hujumidan mudofaa raketa qurilmalarining qismlari bo‘lgan.
Eslatib o'tamiz, 8-aprel kuni Isroilning shimoliy hududlari Suriyadan raketa zarbalariga uchragan edi.
Ayni paytda Politico sayti Eron xalqaro sanksiyalarni chetlab o‘tib, ballistik raketa yoqilg‘isining asosiy komponentini sotib olish bo‘yicha Rossiya va Xitoy bilan muzokaralar olib borayotgani haqida xabar berdi.


