Per-Emerik Obameyang Gabon milliy jamoasidagi faoliyatini yakunladi.
Gabon futbol federatsiyasi "Barselona" hujumchisining maktubini e’lon qildi.
"Mamlakatim sharafini himoya qilishdagi 13 yillik faoliyatdan so‘ng milliy jamoada faoliyatimni yakunlayotganimni e’lon qilaman. Gabon xalqiga va nima bo‘lishidan qat’i nazar meni qo‘llab-quvvatlagan barchaga rahmat aytmoqchiman.
Jamoada debyut qilgan kunim yoki Nigeriyadan "Afrikaning eng yaxshi futbolchisi" sovrini bilan qaytganim kabi juda yaxshi xotiralar qoldi. O‘sha lahzalarni muxlislar bilan baham ko‘rish ajoyib edi.
"Panteralar"ni har doim qo‘llab-quvvatlab kelayotgan va yurtimizda futbolni rivojlantirish yo‘lida mehnat qilayotgan Prezidentimiz, Janobi Oliylari Ali Bongo Ondimbaga tashakkur aytaman. Shu yo‘lda birga ishlagan barcha murabbiylar, murabbiylar shtabi a’zolari va futbolchilarga ham o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.
Shuningdek, menga milliy jamoa libosini himoya qilishda faxrlanish uchun iroda bergan otamga rahmat aytaman", — deb yozadi Obameyang.
32 yoshli forvard Gabon milliy jamoasi safida 72 ta o‘yinda 30 ta gol urdi.


