O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi ma’lum qilishicha, odam savdosi bilan shug‘ullanganlikda gumon qilinib, besh yildan beri qidiruvda bo‘lgan ayol Turkiyada aniqlanib, Istanbuldan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi. Qayd etilishicha, IIV Tезkor-qidiruv departamenti hamda O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi hamkorligida o‘tkazilgan tadbirlar jinoyatchini qo‘lga olishga imkon bergan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchi yuqori maosh va’dasi bilan yosh ayollarni aldab Turkiyaga olib borgan, so‘ng ularning pasportlarini tortib olib, majburiy fohishalik bilan shug‘ullanishga majburlagan. 1991 yilda tug‘ilgan ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 135-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi ochilgan va uning Istanbulda yashirinib yurgani aniqlangan. 2025-yil 18-noyabr kuni u belgilangan tartibda O‘zbekistonga olib kelingan.
IIV ma’lumotiga ko‘ra, ikki davlatning Interpol milliy markaziy byurolari o‘rtasidagi muvofiqlashtirilgan hamkorlik ushbu ishning tez fursatda hal bo‘lishiga yordam bergan. Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda joriy yildan boshlab odam savdosiga oid jazolar kuchaytirilgan bo‘lib, endilikda bunday jinoyat uchun 5 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.


