O‘zbekistonda 1-apreldan boshlab harbiy xizmatchilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha muhim chora-tadbirlar joriy etiladi. Bu haqda 13-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan Xavfsizlik kengashining mamlakat harbiy xavfsizligi va mudofaasini mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Davlat rahbari harbiy xizmatchilar mehnatini qadrlash, ularning oila a’zolari va harbiy pensionerlarni ijtimoiy himoya qilish doimo e’tibor markazida bo‘lishi zarurligini ta’kidladi.
Xususan, 1-apreldan boshlab Mudofaa vazirligi ofitserlariga ko‘p yillik xizmati uchun to‘lanadigan ustama miqdori 2 barobarga oshiriladi. Shuningdek, kontrakt asosida xizmat qilayotgan oddiy askar va serjantlarning oylik maoshi 10 foizga ko‘paytiriladi.
Bundan tashqari, hududiy mudofaa ishlari boshqarmalari va bo‘limlarida faoliyat yuritayotgan harbiy bo‘lmagan xizmatchilarning oylik ish haqi joriy yilda 20 foizga, kelgusi yilda esa yana 50 foizga oshiriladi.
Qurolli Kuchlar safida 30 yildan ortiq xizmat qilgan harbiy xizmatchilar uchun pensiya hisoblashda inobatga olinadigan oylik miqdori 75 foizdan 100 foizga yetkaziladi.
Shu bilan birga, harbiy xizmatchilar uchun uy-joy qurilishi hajmini kengaytirish belgilandi. Mas’ullarga harbiy xizmatchilarning pensiya ta’minotini belgilovchi qonun loyihasini ishlab chiqib, parlamentga kiritish vazifasi topshirildi.


