Zo‘rlash jinoyatini sodir etgani uchun Interpol orqali xalqaro qidiruvda bo‘lgan fuqaro Polshadan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi. U Polsha hududida qo‘lga olingach, barcha zarur protseduralar bajarilib, jinoiy javobgarlikka tortish uchun O‘zbekistonning Interpol Milliy markaziy byurosi xodimlariga topshirildi.
Shu bilan birga, AQShdan ham O‘zbekistonga noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish doirasida mamlakatda noqonuniy yashab kelgan 39 nafar fuqaro deportatsiya qilindi. Ular orasida o‘ta yirik miqdordagi firibgarlikda ayblanib, Interpol orqali qidiruvga berilgan shaxs ham bor edi.
Bu AQSh immigratsiya xizmatlari, O‘zbekiston Interpol byurosi va AQSh elchixonasi o‘rtasidagi yaqin hamkorlik natijasida xalqaro qidiruvdagi jinoyatchilarni qo‘lga olish bo‘yicha qayd etilgan navbatdagi ijobiy misol sifatida qayd etildi.
Jinoyatchilar Toshkent xalqaro aeroportiga yetib kelgach, Interpolning Milliy markaziy byurosi hamda Respublika Ichki ishlar organlari tomonidan kutib olinib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirildi. Ushbu holatlar O‘zbekistonning xalqaro hamkorlik doirasida jinoyatchilikka qarshi kurashdagi faol ishtirokini yana bir bor ko‘rsatdi.


