1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Og‘ir surunkali kasallikka chalinganlarga uy olishda subsidiya berilishi mumkin

Oliy Majlis Senatiga 10 oyda uy-joy masalasida 1137 ta murojaat kelib tushgan.

Og‘ir surunkali kasallikka chalinganlarga uy olishda subsidiya berilishi mumkin

Taʼkidlash joizki, surunkali kasallikning og‘ir turlaridan azob chekayotgan va alohida xonada yashashga muhtoj bo‘lgan shaxslarning subsidiya olishi bilan bog‘liq jarayonlarda Sog‘liqni saqlash vazirligiga ham qator vazifalar yuklatilgan.

 

“Yuksalish” umummilliy harakati, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat tashkiloti, shuningdek, boshqa tashkilotlar hamda ekspertlar hamkorligida “Ipoteka krediti bo‘yicha davlat subsidiyalarini berishdagi insofsizlik xavflarini baholash” bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqot natijasida amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda sohada hali ham o‘z yechimini kutayotgan masalalar mavjudligi maʼlum bo‘ldi.

 

Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 25 martdagi 182-sonli qarorida surunkali kasallikning og‘ir turlaridan azob chekayotgan va alohida xonada yashashga muhtoj bo‘lgan shaxslar ro‘yxatini ishlab chiqish, normativ-huquqiy hujjat bilan tasdiqlash hamda jamoatchilikka eʼlon qilish belgilangan, biroq mazkur ro‘yxatni ishlab chiqish hamda qabul qilish ishlari yakuniga yetkazilmagan.

 

Hududiy tibbiyot muassasalariga bemorlarning surunkali kasalliklari haqidagi maʼlumotlarni elektron tarzda kuzatib borish va maʼlumotlarni yangilash imkoniyatini yaratish lozim bo‘lsa-da, bemorlarning kasallik tarixini raqamlashtirishga yetarli eʼtibor qaratilmagan.

 

Ushbu holatlar fuqarolarning adolatli eʼtirozlariga, jumladan og‘ir surunkali kasallikka chalingan shaxslarning subsidiya olish bilan bog‘liq muammolarga duch kelishiga va davlat organlari hamda tashkilotlariga murojaatlari ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda. Oliy Majlis Senatiga 2024 yilning 10 oyi davomida uy-joy masalasida 1137 ta murojaat kelib tushgani bundan darak beradi.

 

Og‘ir surunkali kasallikni boshidan o‘tkazayotgan fuqarolarning bu boradagi muammolarini bartaraf etishga qaratilgan zarur chora-tadbirlar xususida Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga senator so‘rovi yuborildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha o‘z rejalari haqida joriy yilning 17 dekabriga qadar asoslantirilgan tushuntirishlar berishi nazarda tutilmoqda.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика