Shavkat Mirziyoyev 13-fevral kuni Ohangaron tumani (Toshkent viloyati)ga tashrif buyurib, yuqori texnologiyali va sanoat loyihalari bilan tanishdi.
Davlat rahbari dastlab yuqori kuchlanishli kabel mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Enco Group korxonasi faoliyatini ko‘zdan kechirdi. Mamlakatda energetika tizimini modernizatsiya qilish, yangi elektr stansiyalari va nimstansiyalar qurish, magistral tarmoqlarni yangilash hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Iqtisodiyot tarmoqlari rivoji va aholi soni ortib borayotgani elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojni oshirmoqda. Shu bois yuqori kuchlanishli kabel mahsulotlariga ichki va tashqi bozorlarda talab ortmoqda.
Korxona Belarus Respublikasining Energokomplekt kompaniyasi bilan hamkorlikda Eltech Industrial texnoparki hududida tashkil etilmoqda. Loyihaning umumiy qiymati qariyb 60 million dollarni tashkil etadi. Korxona to‘liq quvvatga chiqqach, 600 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi.
Korxona yiliga 25 ming tonna mahsulot ishlab chiqarishi, eksport salohiyati 300 million dollarga yetishi kutilmoqda. Mahsulotlarni Germaniya, Latviya, Estoniya, Bolgariya hamda MDH davlatlariga eksport qilish rejalashtirilgan.
Shuningdek, o‘tgan yili mamlakatga 400 million dollarga yaqin kabel mahsulotlari import qilingan bo‘lsa, korxona ishga tushgach, 150 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqariladi.
Tashrif davomida davlat rahbari mikroprotsessor modullari ishlab chiqarish loyihasi bilan ham tanishdi. Mazkur loyiha Vades Group tomonidan amalga oshirilmoqda. Korxonada identifikatsiya uchun mikroprotsessor modullari, SIM-kartalar hamda turli to‘lov kartalari ishlab chiqariladi.
Loyiha Infineon Technologies bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilmoqda. Korxonaning umumiy qiymati 15 million dollarni tashkil etadi. Majmuada 100 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratilishi va yiliga 6 million dollarlik eksport amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda Oʻzbekistonga 35 million dollarlik mikroprotsessor modullari, SIM-kartalar va to‘lov kartalari import qilingan. Korxona ishga tushgach, 5 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqariladi.
Korxonada ishlab chiqariladigan mahsulotlarni Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston, Mozambik va Kambodja kabi davlatlarga eksport qilish rejalashtirilgan.
Davlat rahbari mazkur loyihalar doirasida innovatsion texnologiyalarni joriy etish, mahalliy kadrlar salohiyatini oshirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va eksport hajmini ko‘paytirish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berdi.


