Oliy sud matbuot xizmati rasmiy bayonotiga ko'ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Ohangaron shahar sudida joriy yilning oktabr oyida Toshkent viloyatida joylashgan jazoni ijro etish koloniyasidan qochib, o‘ta og‘ir jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish boshlandi.
Sudlanuvchi — 1994-yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan, avval sudlangan fuqaro M.T. bo‘lib, u O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 118-moddasi 4-qismi (o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsni zo‘rlash) hamda 119-moddasi 4-qismi (o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) bilan ayblanmoqda.
Mazkur moddalar sanksiyasiga ko‘ra, sudlanuvchiga nisbatan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.
Ma’lum qilinishicha, M.T. manzil-koloniyada jazoni o‘tayotgan bo‘lib, mahalliy korxonalardan birida ishlash uchun chiqarilgan va belgilangan vaqtda qaytmagan. Shu kuni u 2016-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan qizga nisbatan zo‘rlik ishlatib, jinsiy mazmundagi harakatlarni sodir etgan.
Jabrlanuvchi voyaga yetmagan shaxs bo‘lgani sababli hamda Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi talablariga muvofiq, jinoyat ishi yopiq sud majlisida ko‘rib chiqilmoqda.


