Iqlim ofatlari, jumladan, ekstremal toshqinlar, issiqlik to‘lqinlari va qurg‘oqchilik 2022-yilda millionlab odamlarga taʼsir ko‘rsatdi va milliardlab dollar zarar keltirdi. Jahon meteorologiya tashkiloti maʼlumotlariga ko‘ra, bularning barchasi insonning zararli faoliyati natijasida kelib chiqadigan iqlim o‘zgarishi taʼsirining kuchayib borayotganidan dalolat beradi.
Tashkilot ekspertlari yangi hisobotda issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish va bu jarayon monitoringini sezilarli darajada yaxshilash uchun ko‘proq ish qilish zarurligini taʼkidlashgan. Bundan tashqari, JMT iqlim o‘zgarishiga moslashish uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratishni tavsiya qilgan.
So‘nggi sakkiz yil rekord darajadagi eng issiq yil bo‘ldi. La Nina hodisasining sovutish effekti ketma-ket uchinchi yil davom etayotgani 2022-yil rekord darajadagi eng issiq yil bo‘lmasligini anglatadi. Yaʼni sayyorada harorat yildan-yilga ko‘tarilib boraveradi.
"Bu yil biz ko‘plab odamlarning hayotiga zomin bo‘lgan hamda oziq-ovqat, energiya va suv xavfsizligi hamda infratuzilmaga putur yetkazgan bir qator dramatik ob-havo hodisalarini boshdan kechirdik", — dedi tashkilot Bosh kotibi professor Petteri Taalas.
Professorning qayd etishicha, Pokiston hududining uchdan bir qismi suv ostida qolgan, bu esa katta iqtisodiy yo‘qotishlarga va qurbonlarga olib kelgan. Xitoy va qator Yevropa mamlakatlarida, Shimoliy va Janubiy Amerikada rekord darajadagi issiqlik to‘lqinlari kuzatildi. Afrikada uzoq davom etgan qurg‘oqchilik ortidan mintaqaga gumanitar halokat tahdid solmoqda.
Professor Taalasning ishonchi komilki, xalqaro hamjamiyat ekstremal ob-havo hodisalariga tayyorligini oshirishi va BMTning “Hamma uchun erta ogohlantirish” maqsadi yaqin besh yil ichida bajarilishini taʼminlashi kerak.
Global monitoring va tizimlarga investitsiyalarni ko‘paytirish hamda ekstremal ob-havo va iqlim hodisalariga chidamlilikni oshirish Jahon Meteorologiya Tashkilotining 2023-yildagi ustuvor vazifalaridan biri bo‘ladi.


