Ayni kunlarda Toshkent sport sohasidagi nufuzli xalqaro tadbirlarga mezbonlik qilmoqda. Jumladan, bugun World Aquatics — Butunjahon suzish federatsiyasi Ijroiya qo‘mitasi Byurosining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir doirasida World Aquatics Prezidenti, Osiyo Olimpiya kengashi Bosh direktori Husayn Al Musallam boshchiligidagi delegatsiya Olimpiya shaharchasiga tashrif buyurdi. Delegatsiyaga World Aquatics Ijroiya qo‘mitasi Byurosi a’zosi Shahnoza Mirziyoyeva, Sport vaziri Adham Ikramov, O‘zbekiston suzish federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov hamda boshqa rasmiylar hamrohlik qildi.
Mehmonlar Olimpiya shaharchasidagi suv sporti turlariga mo‘ljallangan zamonaviy inshoot bilan tanishtirildi. Tashrif davomida ushbu majmuada mashg‘ulot olib borayotgan sportchilar bilan ham muloqot qilindi.
Tadbirda faxriy mehmon sifatida AQSh Prezidentining global sherikliklar bo‘yicha maxsus vakili Paolo Zampolli hamda Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi prezidenti Majid Rashid ham ishtirok etdi.
Suv sporti inshooti haqida ma’lumot berilar ekan, mazkur majmuada bir vaqtning o‘zida suzish va suvga sakrash kabi sport turlari bo‘yicha mashg‘ulotlarni xalqaro talablar asosida uzluksiz tashkil etish imkoniyati mavjudligi alohida ta’kidlandi.
Tadbir davomida Olimpiya shaharchasi hududida World Aquaticsning mintaqaviy markazini ochish marosimi ham o‘tkazildi. Ushbu markaz mintaqada suv sporti turlarini rivojlantirish, sportchilar tayyorlash va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.
Olimpiya shaharchasi sport majmuasi mehmonlarda yuqori taassurot qoldirdi. Kelgusida nufuzli xalqaro musobaqalarni aynan shu maskanda tashkil etish bo‘yicha takliflar ham muhokama qilindi.


