Qozog'istonning Olmaota shahrida 6,1 magnitudali zilzila sodir bo'ldi. Zilzila epimarkazi Qirg‘iziston bilan chegaradagi tog‘li hududda joylashgan.
Yer silkinishlari boshlanishi bilan aholi ko‘chalarga chiqdi va yo‘llarda tirbandliklar paydo bo‘ldi. Qutqaruvchilar tinchlanishga va vahima qilmaslikka chaqirdi. Operativ shtab tuzildi. Barcha ijtimoiy infratuzilma ob’ektlari normal ishlamoqda. Rasmiylarga ko‘ra, qurbonlar va vayronalar yo‘q.
“Olmaotada zilzila yuz berdi, vahima qilmang. Binolarni tark eting, eng yaqin qabul qilish punktlariga boring, faqat rasmiy manbalardan olingan ma'lumotlarga ishoning”, — dedi Olmaota Favqulodda vaziyatlar departamenti rahbari Nurlan Atiqayev.
Qirg‘izistonda zilzila kuchi 5,8 ballni tashkil qilgan. Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, hech kim jabrlanmagan va vayronagarchiliklar kuzatilmagan. Zilzila O‘zbekistonda ham sezilgan.


