Qozog‘istonning Olmaota shahri avtomobil tirbandligini kamaytirish va havo sifatini yaxshilash maqsadida transport harakati bo‘yicha yangi tartiblarni joriy etishi mumkin. Shahar hokimi Yerbolat Dosayevning so‘zlariga ko‘ra, 2025–2027-yillarga mo‘ljallangan dastur doirasida avtoturargoh narxlari sezilarli darajada oshiriladi va markazga shaxsiy avtomobillar bilan kirish cheklanadi.
Hokim bu chora boshqa yirik shaharlar, jumladan Nyu York tajribasiga asoslanganini ta’kidladi. U yerda transport tizimiga tegishli to‘lov joriy etilganidan so‘ng markaziy hududlardagi avtomobil harakati 20 foizga kamaygan. Olmaotada ham 2027-yildan boshlab shunga o‘xshash cheklovlar joriy etilishi mumkin.
Yangi tartibga ko‘ra, zamonaviy ekologik standartlarga javob bermaydigan avtomobillar shaharga pullik tartibda kiradi, biroq elektromobillar va ekologik toza transport vositalariga bu cheklovlar ta’sir qilmaydi.
2025-yil kuzidan boshlab Olmaotada intellektual transport tizimi (ITS) joriy etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, u orqali shahar kirish joylarida nazorat kuchaytiriladi. Shuningdek, 2024-yil davomida shaharda yangi kommunal avtoturargohlar barpo etilishi ko‘zda tutilgan. Biroq mutaxassislar bu o‘zgarishlar tirbandlik muammosini to‘liq hal qila olmasligini ta’kidlamoqda.


