1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Sport

Oltin hammom, Bengal yo‘lbarslari, tortiq etilgan mashinalar

Mayk Taysonning havoga sochilgan pullari haqida bilasizmi?

Oltin hammom, Bengal yo‘lbarslari, tortiq etilgan mashinalar

 

Afsonaviy boks yulduzi Mayk Tayson nafaqat sport rekordlari, balki moliyaviy tomondan ham dunyoning eng mashhur sportchilaridan biri bo‘lgan.


1990 yillarning o‘rtalariga kelib, Taysonning bank hisob raqamlarida o‘tkazilgan janglar va reklama shartnomalaridan tushgan mablag‘lar yarim milliard dollarni tashkil etardi. U bu pullarni o‘zining promouteri Don Kingning firibgarligi va o‘ta isrofgar turmush tarzi tufayli yo‘qotdi.

 

2 million dollarlik oltin vanna

 

Tayson unga tushgan mablag‘larni qanday ishlatishni bilmas edi. U bir marta xotiniga 2 million dollarlik oltin vanna sovg‘a qilgan.
Mayk 1986 yilning noyabrida Trevor Berbikka qarshi birinchi chempionlik jangidan katta summa olishni boshladi. Jangdan so‘ng Mayk 1,5 million dollar miqdorida chek oladi. Albatta, bu miqdor o‘sha vaqtda juda katta ko‘rsatkichga ega bo‘lgan.

 

Bir yildan kamroq vaqt ichida Tayson mutlaq jahon chempioniga aylandi va janglar uchun o‘nlab million dollardan ko‘proq pul ishlab topdi. U 1988 yilda Maykl Spinksga qarshi to‘qnashuvda 22 million dollarni qo‘lga kiritdi. Bu o‘sha paytda tarixdagi eng yuqori mablag‘ edi. Bu vaqtga kelib bokschi har soniyada 240 ming dollar ishlagan.


Taysonning hayotidagi eng hayratlanarli xarid Rojdestvo bayrami uchun birinchi rafiqasi Robin Givensga sovg‘a qilgan mustahkam oltin vanna bo‘ldi. Bu Maykga 2 million dollarga tushgan.

 

Tayson pullarni qayerga sarflashni bilmas edi

 

“Yoshligimda men pulni qanday boshqarishni bilmasdim. Odamlarga pul berdim. Turli ziyofat va tadbirlar uyushtirdim. Bunchalik ko‘p pulim borligidan aqldan ozdim. Men qizlar uchun juda ko‘p mashinalar sotib oldim”, — deb eslaydi Mayk.


Tayson 30 yoshga to‘lishi munosabati bilan 410 ming dollarlik  hashamatli ziyofat uyushtiradi.


Bir necha yil oldin “MoneyMakers” nashri Taysonning hayotida bo‘lgan o‘zgarishlarni ko‘rib chiqdi. Bokschining asosiy uyi Konnektikutdagi 21 ta xona va 24 ta hammomdan iborat ulkan qasr hisoblanadi. Mulkning umumiy maydoni 15 ming kvadrat metrdan ortiq. U shunchalik katta ediki, hatto tungi klub va kazino bu yerga bemalol sig‘ishi mumkin. Bokschi Merilend, Ogayo va Las-Vegas shaharlarida ham kichikroq mulklarga egalik qiladi.


Faoliyati davomida Tayson 111 ta mashina sotib oldi. Shulardan 19 tasini do‘stlariga sovg‘a qildi. Uning mashinalari orasida bokschiga 500 ming dollarga tushgan “Bentley Continental SC” alohida ajralib turadi. Sportchining avtoparkidan “Ferrari”, “Lamborghini”, “Range Rover”, “Mercedes-Benz 500” va “Rolls-Royce” ham munosib o‘rin egalladi.

 

Mashinalardan zerikish, hayvonlarga qiziqishni oshirdi

 

1992 yilda Mayk jiddiy muammolarga duch kela boshladi: u Desir Vashingtonni zo‘rlaganlikda ayblanib hibsga olindi. Shundan so‘ng sportchi uch yildan so‘ng ozodlikka chiqdi. Lekin qamoqdan chiqqanidan keyin ham Mayk noodatiy hayot kechirishda davom etdi. O‘shandan keyin Piter Maknili, Bryus Seldon va Evander Xolifild bilan janglar uchun u 100 million dollardan ko‘proq pul ishlab oldi.

Taysonning ushbu davrdagi xarajatlari quyidagicha ko‘rinish oldi:
• Avtomobillar va mototsikllar uchun 4 500 000 dollar;
• zargarlik buyumlari va kiyim-kechak uchun oyiga 100 000;
• Kabutarlar va Bengal yo‘lbarslari kabi turli yirik mushuklar uchun 400 000;
• Hayvonlarni o‘rgatuvchi uchun yiliga 125 000;
• Kunlik xarajatlar uchun oyiga 240 000;
• 300 000 maysazor va bog‘ni saqlash uchun;
• Mobil telefonlar, peyjerlar va hisob-kitoblar uchun 230 000.


Bokschining uchta Bengal yo‘lbarslarini yuqori summaga sotib olgani barchani hayratga soladi. U mashinalarining ko‘pligidan zerikkani va shunaqa hayvonlarni sotib olishga qiziqishi paydo bo‘lganini aytadi. O‘sha yo‘lbarslarning har biri uchun Tayson 70 ming dollar sarflaydi. Ularni saqlash uchun esa oyiga yana 12 ming dollar ishlatadi.


Nasha biznesi va xayriya uchun ajratilgan pullar

 

“Forbes’ junalining ma’lumotlariga ko‘ra, Tayson butun faoliyati davomida 685 million dollar pul ishlab topgan. Ammo 2003 yilda bokschi o‘zini bankrot deb e’lon qiladi. Bundan tashqari, Mayk hali ham AQSH soliq idoralaridan 23 million dollar qarzi bor edi. Shuning uchun u faoliyatining oxirida majburiy janglarni o‘tkazishga rozilik bildiradi.


Biroq, hozir Taysonning moliyaviy holati juda ham yaxshi. U turli film, video va televideniyedagi chiqishlari orqali yaxshigina pul topmoqda. Mayk nasha yetishtirish biznesiga alohida e’tibor bermoqda. 2019 yilda uning boyligi 3 million dollar atrofida ekanligi aytilgan. U 2020 yilda Roy Jons bilan bo‘lgan ko‘rgazmali to‘qnashuvdan tushgan barcha pullarni xayriya ishlariga sarfladi.

 

Muallif: Jamshidbek AMIROV

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика