Joriy yilning 25 fevral kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) Xorazm viloyatidagi mintaqaviy vakili Odilbek Olloyorov viloyatning Urganch shahridagi 11-sonli Tergov hibsxonasida saqlanayotgan shaxslar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishish hamda ushbu hibsxonada saqlanayotgan shaxslardan kelib tushgan murojaatlarni o‘rganish maqsadida hibsxonaga monitoring tashrifini amalga oshirdi.
Monitoring tashrifi davomida hibsxonada saqlanayotgan shaxslar uchun tibbiy xizmat ko‘rsatish, dori-darmon vositalari ta’minoti hamda oziq-ovqat sifati va belgilangan me’yorlarga amal qilinayotganligi o‘rganildi, bu borada salbiy holatlar aniqlanmadi. Shu bilan birga, tashrif davomida sanitariya va gigiyena qoidalariga rioya etilayotganligini ko‘rish maqsadida ayblanuvchi va sudlanuvchilarni saqlash xonalari ko‘zdan kechirildi.
Shundan so‘ng, hibsxonada saqlanayotgan shaxslar bilan jamoaviy suhbatlar o‘tkazilib, saqlanayotgan shaxslarning shikoyatlari va takliflari tinglandi. Saqlash sharoitlari yuzasidan shikoyatlar kelib tushmadi. Shuningdek, suhbat davomida mahkum va mahbuslar yaratilgan shart-sharoitlardan va xodimlarning muomalasidan mamnunliklarini bildirishdi.
Jamoaviy suhbatdan so‘ng mintaqaviy vakil bilan holi uchrashishni so‘ragan shaxslar bilan qabullar tashkil qilindi. Ulardan biri Jizzax viloyati Zomin tumanida doimiy ro‘yxatda turishini aytdi va tergov harakatlaridan noroziligini bildirdi. Uning murojaati qabul qilinib, qonunchilikda belgilangan tartibda ko‘rib chiqishlik uchun ijroga olindi.
Shuningdek, qabul davomida mahbuslardan apellyasiya sudi majlislarida mintaqaviy vakilning kuzatuvchi sifatida ishtirok etishida amaliy yordam ko‘rsatilishi bo‘yicha ko‘plab iltimoslar kelib tushdi. Ushbu murojaatlar ham ijro uchun qabul qilib olingan.


