Mazkur masala yuzasidan Ombudsman Feruza Eshmatova so‘zga chiqdi.
Taʼkidlanishicha, Ombudsman va uning mintaqaviy vakillari tomonidan 9 ta asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha ishlar amalga oshirilgan.
Senatorlar tomonidan Ombudsmanga kelib tushgan ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik huquqlar bilan bog‘liq murojaatlar o‘tgan yilga nisbatan kamaygan bo‘lsa-da, fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklari bilan bog‘liq murojaatlar soni oshganligi qayd etildi.
Bundan tashqari, murojaatlar to‘liq, xolisona va chuqur ko‘rib chiqilmaganligi, unga yuzaki yondashilganligi hamda murojaat mualliflariga javob xatlari o‘z vaqtida yuborilmaganligi oqibatida hisobot davrida kelib tushgan murojaatlarning 4 655 tasi yoki 25 foizini takroriy murojaatlar tashkil qilgani tanqid qilindi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 2 baravarga ko‘paygan.
2021-yilda Ombudsman tomonidan tegishli davlat organlari va tashkilotlarga kiritilgan jami 94 ta taʼsir choralardan (xulosa, taqdimnoma va daʼvo ariza) faqat 58 tasi (61 foizi) qanoatlantirilgan. Ammo qolgan taʼsir choralarining to‘liq yechimi taʼminlanmaganligi, bunda Ombudsman tomonidan Oliy Majlis palatalarining parlament nazorati institutidan yetarli foydalanmagani qayd etildi.
Shu bilan birga, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarni qiynoqqa solish va kamsituvchi muomalada bo‘lish bo‘yicha o‘tkazilgan monitoringning natijadorligi yetarli emasligi ham ko‘rsatib o‘tildi.
Shuningdek, majlisda senatorlar tomonidan Ombudsmanga fuqarolarning murojaatlarini xolisona ko‘rib chiqish hamda mualliflarga o‘z vaqtida va asosli javob berish orqali takroriy murojaatlar sonini kamaytirishga, vazirlik, davlat idoralari hamda nodavlat tashkilotlari bilan birgalikda mahallalarda fuqarolarni huquqiy madaniyati va bilimlarini oshirishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish hamda murojaatlarda qayd etilgan muammolarni joyida hal etish borasida tegishli tavsiyalar berildi.
Mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.


