“Omikron” shtammining dunyo bo‘ylab tarqala boshlagan XBB.1.16 subvariantiga “Arktur” deb nom berilgan.
Ilk bor shu yilning yanvar oyida aniqlangan mazkur shtamm hozirda Hindistonda avj olmoqda. Hatto mamlakatning baʼzi hududlarida aholi yana tibbiy niqob taqishga majbur bo‘lyapti.
Yaponiyaning Tokio universiteti olimlari tomonidan olib borilgan tadqiqot natijasida ХBB.1.16 versiyasi “kraken” deb atalgan ХBB.1.5 subvariantidan 1,2 baravar yuqumliroq ekanligi aniqlandi.
Qolaversa, yangi mutatsiya asosan immunitet tizimining ishlashiga to‘sqinlik qiladi, degan taxmin ilgari surilyapti.
Ekspertlar xulosasiga ko‘ra, “Arktur” yaqin kelajakda butun dunyo bo‘ylab dominant variantga aylanishi mumkin. Buning oldini olish uchun kasallikka qarshi emlanish eng samarali chora, deb baholanmoqda.


