R.S.: Bugundan eʼtiboringizga havola etilayotgan turkum maqolalar o‘z jonini xatarga qo‘yib, elu-yurt tinchligi yo‘lida jon tikib, xizmat qilayotgan, shuningdek, “Mehr” insonparvarlik operatsiyasi doirasida jonbozlik ko‘rsatgan tinchlik posbonlariga bag‘ishlanadi. Zamon.uz sayti Sizlarni yaqinlashayotgan 14 yanvar — Vatan himoyachilari kuni bilan chin dildan tabriklaydi!
Xatira Yo‘ldasheva 1986 yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan. Tojikiston, Suriyada “Robiya” taxasllusi bilan yashagan. “Mehr 5” insonparvarlik operatsiyasi doirasida O‘zbekistonga qaytarildi.
Vatandan ketish...
— Onamni ismlari Hadicha. Dadam bir yarim yoshligimda vafot etgan ekan. Oilada 5 farzandmiz. Ikki akam bu yer (O‘zbekiston)da qolgan. Opam, yana bir akam, onam va men ketganmiz.
Uning baxtli bolalik xotiralari vodiyning so‘lim qishloqlari bilan bog‘liq. Faqat ularning hammasini ham yaxshi eslolmaydi. Chunki onasi u va opalarining bolalikdagi barcha orzulariga nuqta qo‘yib, urush o‘chog‘iga olib ketgan.
— Afg‘onistonga onam bilan ketganmiz. O‘shanda 10 yosh edim. Yosh bo‘lganim uchun qayerga ketayotganimni bilmaganman. Chunki onam to‘yga deb olib ketgan.
35 yoshli ayolning aytishicha, onasi uni terroristik tashkilotlar go‘yo Islom ravnaqi yo‘lida kurashlari, targ‘ibot-tashviqotlari avj olgan paytda Tojikistonga yetaklab borgan.
— Biz Tojikistonga bordik. Akalarimni sog‘inib rosa yig‘laganman. Keyin ayam: “bo‘ldi, endi shu yerda yashaymiz”, deganlar. Yig‘lab-yig‘lab, noiloj, ko‘nikkanman. Bir yarim yil tinch Mozori Sharifda yashadik. Pokistonga o‘tdik, hammani o‘sha yerga ko‘chirdi. Afg‘onistonga o‘tganimizni, yaxshi eslolmaymman.
2001 yilda — 15 yoshimda uchqo‘rg‘onlik Ulug‘bek degan o‘zbek bolaga turmushga chiqdim. Farzandli bo‘ldik — Gulsun va Bahodir tug‘ildi. Shundan so‘ng, xo‘jayinim Suriyaga olib ketdi. Turmush o‘rtog‘im bilan ikki yil yashadik. Qizim qo‘limda bir yoshli chaqaloq edi, qornimda esa o‘g‘lim Ulug‘bek — ikki oylik bo‘lgandi. O‘shanda turmush o‘rtog‘im vafot etgan.
Pokiston va Afg‘oniston chegarasi. Pokistonlik askarlar xo‘jayinimni iziga tushgan. Keyin biz yangi joyga ko‘chganmiz. Eski yashagan uyimizda tovuqlarimiz ko‘p edi. Xo‘jayinim borib, o‘sha tovuqlarni olib kelaman hamda sizlarga sho‘rva qilib beraman deb, ketgan va qaytib kelmagan.
Ona va qizning o‘xshash taqdiri
Xatira 19 yoshga to‘lmay, ikki marta turmush quradi.
— Shu bilan ikki yil yurdim. Onam yoshsan, turmushga chiq, dedi. Keyin o‘zimdan 8 yosh katta qirg‘izistonlik kishiga turmushga chiqdim. Undan 4 nafar farzand ko‘rdim. Bir kuni xo‘jayinim Suriyaga ketdilar, oradan uch oy o‘tib, biz ham ketdik. Xo‘jayinim Suriyadagi madrasalarning birida oshpaz bo‘lib ishga joylashgan ekan. Borgan kunimizdanoq bomba, o‘q ovozlari — xullas juda vahimali voqealarga guvoh bo‘la boshladik. Xo‘jayinimdan nega bundayligini so‘raganimda, avval tinch, bugun negadir notinch deya javob berdi.
Bir haftadan so‘ng bu urush juda kuchayib ketdi. U yerda “Tohir-Yo‘ldosh” jamoati aʼzosi bo‘lishi kerak. Shundagina ular bizga oziq-ovqat beradi. Xo‘jayinim ham shu jamoat aʼzosi bo‘lgan ekan. Buni menga aytmagan.
Bir yarim-ikki oydan so‘ng, yana boshqa joyga — Mayadinga ko‘chdik. Xo‘jayinimni ishi Topqada bo‘lgani uchun: u yer uzoqlik qiladi, men borib, yuklarni va qog‘oz olib kelaman. Endi Mayadinda ishlayman, deb ketgan bo‘yicha qaytib kelmagan. Menga samolyot urgan, mashinada, deyishdi. Shu bilan 6 ta bola o‘zimga qoldi...
Ayol ikki turmush o‘rtog‘i bilan ham hayotini uzoq davom ettira olmadi. Ulardan keyingi hayot yana-da azobli, yana-da mashaqqatli edi.
— Turmush o‘rtog‘im vafotidan keyin yana-da qiynalib yashadik: har hafta ko‘cha-ko‘ch. Yashash yana-da og‘irlashib ketdi. Shu orada onamdan ham ayrildim. Onam Afg‘onistonda qolgandi. Og‘ir xastalik sabab opamni oldiga — Turkiyaga ketibdi va o‘sha yerda jon beribdi.
Yosh bo‘lganim va qo‘limda yosh bolalarim borligi uchun ortga qanday qaytishni bilmadim.
Urush o‘choqlaridagi sargardon hayot qiziga ham shu taqdirni bitdi. Xatira Yo‘ldashovaning qizi ham 15 yoshida ona bo‘ldi.
— Juda qiynalib ketdik. Bizga himoyachi kerak edi. Shuning uchun qizimni ham yosh uzatishga majbur bo‘ldim. 15 yoshida qo‘qonlik bolaga uzatdim. Kuyovim oilamizga bosh bo‘ladi, deb o‘ylagandim. Ammo qizimni ham turmushi uzoqqa bormadi. Eri bilan bir yilcha yashadi. 2019 yilda farzandli bo‘ldi. Hozir kuyovim qamoqda.
“Non” deya izillab, etagimga yopishgan bolamni qaytib ko‘rmadim...
Shafqatsiz munosabatlar va qiynoqlar otalarini omon qoldirmaydi. Kimdir hibsga olinib, qamoqdagi qiynoqlarda o‘lim topsa, yana kimlardir urushdan qaytmaydi. Ayollari va farzandlari faqat ularning o‘lgani haqida xabar topadi.
— Shu tarzda qiynalib, kunimiz o‘tdi. Ketay desam, yo‘l bilmayman. Shuncha bola bilan. Qiyinchiliklardan charchab ham ketdik. Och qolib, kepak yegan paytlarimiz ko‘p bo‘ldi. Eslagim kelmaydi!.. Oxirgi marta kichik o‘g‘lim qorni ochganidan “aya, non” dedi etagimga osilib. Shu bilan ko‘chaga non topish ilinjida chiqib ketdim. “Non” deya izillab, etagimga yopishgan bolamni qaytib ko‘rmadim...
Suriyada ulg‘aygan bola: bu yerlik askarlar yaxshi ekan
10 yoshidan buyon qochqinlikda yashagan bu ayol boshidan o‘tkazgan dahshatlar tufayli uyqusini, halovatini yo‘qotgan. Urush vaqtida qulagan uy ostida qolgan bolasining achchiq xotiralari unga tinchlik bermaydi. U o‘sha kun qo‘rquvi va azobini unuta olmayapti.
— Bir kun 2008 va 2012 yil o‘g‘illarim — Muhammad va Bilol ko‘chaga o‘ynab chiqib ketib, ularning taqdiri ayanchli bo‘ldi. Undan katta o‘g‘lim oziq-ovqat tarqatilayotganini eshitib, o‘sha yoqqa ketib, yarador bo‘lib qaytdi. Uning og‘riga chidayolmaganini ko‘rib, birorta og‘riq qoldiruvchi topib kelish va yegulik izlab ko‘chaga chiqib ketdim. Qora tanli ayollarni ko‘rib qoldim va ularga bolalarim ochligi, yarador bo‘lib qolganini tushuntirganimda ular hurmo berishdi. Shunda uyga qaytayotganimda qizim yig‘lab: Muhammad, Bilol... vafot etdi, dedi. Yugurib borsam, yarador o‘g‘lim Muhammad qonga botib yotgan ekan. Kichik o‘g‘limning aytishicha, ular birga bo‘lishgan. Bir xonadonga ovqat izlab borishgan. Shunda Muhammadni orqasiga o‘q tekkan va og‘zidan qon otilib chiqib ketgan, Bilol deb ukasini chaqirgan va vafot etgan. Bilol akasini ko‘rib, qo‘rqib ketgan. Shunda unga ham o‘q otishgan. Ikki kunda ikki o‘g‘lim yarador bo‘ldi, Muhammadimdan ayrildim.
Oxirgi paytlarda shunday qiyinchiliklarda yashadikki, ikki metr chuqur qazib, o‘sha yerda jon saqladik. Uni handaq deydi.
Bolalarim maktabga bormagan. O‘zlari bilganicha, uyda yozib-chizib, o‘zimdan bir nimalarni o‘rganishgan. U yerda telefonga ham ruxsat yo‘q. Multfilm ko‘risholmaydi.
Yillar davomidagi doimiy azob-uqubatlardan charchaganman.
Qaniydi, vaqt ortga qaytsayu, bolaligi o‘g‘irlangan bolalar, umri sarobda o‘tgan onalar, qo‘liga qurol olib, vatangado bo‘lgan otalar bu xatolarga yo‘l qo‘ymasa edi.
— Dadasi bilan o‘zimiz sababchimiz. Dadasi chaqircha, bolalarimni olib ketaverganman. Bolalarim yetim bo‘lib qolmasin yana, otasiz ulg‘aymasin deb. O‘zimni aybdor his qilaman. Bolalarim: aya, bu yerlik askarlar yaxshi ekan, odamlarga yordam berarkan, degan gaplarini eshitib, vatangado bo‘lganimdan o‘ksinib yig‘ladim. Farzandlarimiz biz qilgan xatoni qilmasin, o‘qisin, odam bo‘lsin deb O‘zbekistonga olib keldim.
DXX va "Sevimli" telekanali hamkorligida tayyorlangan "Bir kaft tuproq" loyihasidan yozib olindi.


