Baxtiyor Nazarov hozir 22 yoshda. U IT yo‘nalishida o‘qigan va shu soha bo‘yicha ishlaydi. Ammo Baxtiyor maoshini uyiga olib bormaydi. Aksincha, onlayn qimorga tikadi.
Hamma dang‘illama uyda yashagisi, qimmatbaho kiyimlar kiygisi va zamonaviy avtomashina mingisi keladi. Buning uchun esa, albatta, tinimsiz mehnat talab etiladi. Biroq so‘ngi paytlarda oson yo‘l bilan mo‘may daromad topish va tezroq boyish ilinji avj olmoqda. Ayniqsa, internet orqali turli o‘yinlar o‘ynab, avval boyib, keyin kasodga uchrayotganlar ham oramizda ko‘pchilikni tashkil etadi.
Baxtiyor Nazarov ham tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarga o‘ralashib, katta miqdorda qarzga kirib qolganlardan.
— Yoshligimdan qiyinchilikda katta bo‘ldim. Doim pulga muhtoj bo‘lganman. Judayam boyib ketishni istardim. Maktabda o‘qib yurganimda do‘stlarim pul tikib, 1xbet o‘yinini o‘ynardi. Men ham asta-sekin shu o‘yinga qiziqib, 10-15 ming so‘m tikib o‘ynaydigan bo‘ldim. Bir omad kelsa ko‘p pul ishlardim. Baʼzi vaqtda esa qarzga kirib qolardim. Asta-sekin kattaroq summada pul tikib o‘ynashni boshladim. Ehtiyojim uchun kerakli buyumlar sotib oldim. Shundan so‘ng o‘zimga bo‘lgan ishonchim ortdi.
Keyinchalik IT yo‘nalishida o‘qidim va hozirda mana shu sohada ishlab, oyiga 5-6 million topaman. Ammo oylik olishim bilan pulni uyga olib bormayman. Aksincha, onlayn qimorga tikaman. Bu o‘yin hayotimning bir bo‘lagiga aylanib ulgurgan. Sigaret chekadigan odamlar undan voz kecholmagandek, men ham o‘yindan voz kecholmadim.
Bu o‘yinni o‘ynash uchun sizda plastik kartangizda katta summada pul bo‘lishi kerak. Onlayn qimor o‘yinlarini taklif qiladigan “Bukmeyker” kompaniyalari saytiga pul tashlanadi. So‘ng, maʼlum miqdorda pul tikiladi. Men oyliklarimni yechmay, kartamda saqlardim. 20 millionlab pul tikkan vaqtlarim bo‘lgan. Baʼzida yutuqlar ham bo‘lgan. Ammo ko‘proq yutqazganman. Yutqazgan pullarimni qaytarib olishim kerak, degan o‘y menga tinchlik bermasdi. Kechalari uxlamasdim. Oxir-oqibat hamma pulimdan ayrildim. Hozir katta qarzim bor. Ularni tezroq qaytarishim kerak.
Psixolog Sanjar Tursunboyevning fikricha, qimorga mukkasidan ketish ham, aslida, kasallik. Bu toifadagi kishilar kasalligini tan olmaydi. O‘yinga berilib ketganini ham bilmay qolishar ekan.
— Masalan, 10-15 million yutib olsa o‘sha odam eyforiyaga uchraydi. Odam bu hissiyotni yana qaytalanishini istaydi va o‘yinga berilib ketadi. Bu kabi odamlarga psixiatr yordami kerak, — deydi psixolog.
Oliy majlis qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyevning taʼkidlashicha, qonunchilikda onlayn o‘yinlarining baʼzilariga ruxsat berilgan. Lekin ularni tartibga soluvchi normalar ishlab chiqarilmagan.
— 2021 yil 1 yanvardan qonuniy tartibda yo‘lga qo‘yish ruxsat etilgan. Ruxsat etilishidan avval hukumatga tegishli vazirlik idoralariga, aynan, shu sohani tartibga soluvchi qonun normalarini ishlab chiqish, tegishli qonun hujjatlarini, jumladan, maʼmuriy javobgarlik, jinoiy javobgarlik, soliq kodeksi va boshqa qonun hujjatlarga tegishli o‘zgartirishlar ishlab chiqish topshirig‘i berilgan. Yaʼni, o‘yin qoidalari tartibini belgilash asosida. Ming afsuski, ushbu farmonning ijrosi hukumatga tegishli vazirlik idoralari tomonidan to‘liq bajarilmagan.
O‘tgan yilining noyabr oyida Farg‘onada onlayn qimor o‘yiniga o‘ralashib, yutqazgan o‘spirin o‘z joniga qasd qilgandi. Maʼlumotlarga ko‘ra yigit katta summada qarz bo‘lgan. To‘lashga ko‘zi yetmagach, o‘zini o‘ldirgan.
Bu holat qaysidir maʼnoda ota-onalarni sergaklikka chaqirishga, tobora ko‘payib borayotgan onlayn qimor o‘yinlaridan yaqinlarimiz, farzandlarimizni asrashimizga qaratilsa, ajab emas.
Муножат Валиева


