Oq uy o‘zining rasmiy ijtimoiy tarmoqlarida AQSh prezidenti Donald Tramp va portugaliyalik futbolchi Krishtianu Ronaldu o‘rtasidagi uchrashuv aks etgan videoni e’lon qildi. Kadrlarda Ronaldu turmush o‘rtog‘i Jorjina bilan Oq uy koridorida ketayotgan va Tramp bilan samimiy suhbat qilayotganini ko‘rish mumkin.
Post ostida “Tarixdagi eng buyuk ikki shaxs. CR7 x 45/47” degan izoh qoldirilgan. Unda Ronalduning mashhur 7-raqamiga, shuningdek, Trampning AQShning 45 va hozirgi 47-prezidenti sifatidagi maqomiga ishora qilingan. Bu post ijtimoiy tarmoqlarda katta muhokama uyg‘otdi.
Ronaldu avvalroq Tramp tomonidan Oq uyda tashkil etilgan kechki ovqatda ham ishtirok etgandi. Tadbirda Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon, FIFA prezidenti Janni Infantino va tadbirkor Ilon Mask ham mehmon bo‘lgan. Tramp esa suhbat davomida o‘g‘li Barronning Ronalduga bo‘lgan katta muhabbatini hazil aralash tilga olib, “Ehtimol, siz bilan tanishganidan keyin u otasini bir oz ko‘proq hurmat qilsa kerak”, deya kulgu uyg‘otgan.


