1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Ta'lim

O‘qishga kira olmaslik fojiami? Abituriyentga diplom kerakmi yoki martabami?

Zamon.uz muxbiri abituriyentlar orasida so‘rovnoma o‘tkazdi.

O‘qishga kira olmaslik fojiami? Abituriyentga diplom kerakmi yoki martabami?

 

Imtihon yaqin. Sanoqli kunlardan so‘ng g‘alvir suvdan ko‘tariladi. “Suvda qolib ketmaslik” uchun ham hozir hamma abituriyentlar oliy taʼlimga kirish uchun tayyorgarlik ko‘rish bilan ovora. Bilimi bor, omadi kulganlar talabalik baxtiga muyassar bo‘ladi. Biroq o‘qishga kirganlardan ko‘ra, kirmaganlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Xo‘sh, o‘qishga kirish yoki kirmaslik hayot — mamot masalasimi? Aslida, abituriyent qay maqsadda o‘qishga topshiradi: shunchaki, qo‘lida oliy maʼlumotli diplomi bo‘lishi uchunmi yoxud o‘z kasbining yetuk mutaxassisi bo‘lib, yurt taraqqiyotiga hissa qo‘shish uchunmi? Biz bu kabi savollarga javob olish maqsadida bugungi yoshlar o‘rtasida davra suhbati uyushtirdik.

 

Nega oliy o‘quv yurtiga o‘qishga topshirmoqchisiz? Maqsad nima?

 

Bibinur Bekmurzoyeva, 18 yosh: Chuqur bilim olib, davlatga foydali inson bo‘lish uchun.

 

Gulxumor Jumaboyeva, 18 yosh: Talaba bo‘lish — bu eng katta orzularimdan biri. Nazarimda, har bir abituriyentning maqsadi universitet yoki institutda o‘qish bo‘lsa kerak. Men hayotimni yana-da yaxshilash, olgan bilimlarimni kelajak avlodga o‘rgatish va ularni ham oliy maʼlumotli qilib, yurtga o‘z hissasini qo‘shadigan inson qilib chiqarishdir.

 

Sayyora Ataniyazova, 17 yosh: Oliy o‘quv yurtiga topshirishimdan maqsad qo‘limda rasm chizishga hunarim bor. Rasm chizishga qobiliyatim bor. Bolaligimdan turli rasmlar chizib turaman.

 

Nilufar Xaytimbetova, 18 yosh:

Fikrimcha, yaxshi joyda ishlash yoki yaxshi maosh olish uchun diplom shart emas. Oliy o‘quv yurtiga topshirishimdan asosiy maqsad esa — Toshkentga ketish. Bu biroz g‘alati tuyulishi mumkin. Lekin men ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lishni xohlayman. O‘z soham bo‘yicha ko‘proq malaka olishim, o‘zim xohlagandek mustaqil hayotni o‘rganishim uchun Toshkentga ketishim kerak, deb o‘ylayman. Chunki u yerda yoshlar uchun Nukusga qaraganda ancha shart-sharoitlar, imkoniyatlar ko‘proq yaratilgan. Shuning uchun ham o‘zim tanlagan oliy o‘quv yurtlarining barchasini Toshkentga yozyapman. Ikkinchi tarafdan esa, bu ota-onamning xohishi deb aytsam ham bo‘ladi. Chunki ko‘cha-ko‘yda yoki boshqa joyda mana shu odamning farzandlari oliy o‘quv yurtida o‘qir ekan yoki oliy maʼlumotli ekan deyishining o‘zi ham ota-onaga qandaydir bir faxrni olib keladi.

 

Nega, aynan, ushbu oliy taʼlim muassasasini tanladingiz?

 

Bibinur: Men O‘zbekiston Milliy Universitetining ingliz tili fakultetiga hujjat topshirmoqchiman. Bunga sabab — o‘zim til o‘rganishga qiziqaman. Shu bois soham bo‘yicha o‘zim yoqtirgan ishda ishlashni xohlaganim uchun ham shu oliygohni tanladim.

 

Gulxumor: Nukus davlat pedagogika institutining boshlang‘ich taʼlim fakulteti hujjat topshirmoqchiman. Men bu yo‘nalishni kimnidir tavsiyasi bilan emas, balki o‘z xohishim bilan topshirmoqchiman. Chunki menga bolajonlar bilan ishlash yoqadi. Ularga bor mehrim va bilimimni berib, ularni barkamol avlod qilib tarbiyalashda o‘z hissamni qo‘shmoqchiman.

 

Sayyora: Qoraqalpoq Davlat Universitetining badiiy sanʼat fakultetiga hujjat topshirmoqchiman. Hunar o‘rganishga ko‘proq qiziqaman. Oila aʼzolarim buning sababini “qonimizda bor” deyishadi.

Opalarimning grand asosida o‘qib yurganini ko‘rib, havasim keladi. Qishloqda hunarlilar judayam ko‘p. Lekin ko‘pchiligi o‘qimagan. Agar oliy o‘quv yurtida o‘qisam, bitirganimdan keyin qishloqqa borib, maktabda ishlamoqchiman. To‘garak ochib, yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirishni maqsad qilganman.

 

Nilufar: Hozirgi Jahon tillari Universitetining Filologiya va tillarni o‘qitish fakultetiga topshirishga harakat qilyapman. Bunga sabab ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lishni xohlayman. Toshkentdagi eng nufuzli va taʼlimi yaxshi bo‘lgan universitetlardan mana shu oliygoh deb eshitganman. Bu yo‘nalishni tanlashimda esa ota-onamning umuman taʼsiri yo‘q. Chunki ular jurnalistika sohasida ketishim tarafdori.

 

Sizningcha, oliy talim muassasasiga kirish uchun abituriyent qancha vaqt tayyorgarlik ko‘rish kerak? O‘qishga kirish jarayonida sizni qiynayotgan narsa nima?

 

Bibinur: 3 yildan beri tayyorlanaman. Lekin, nazarimda, 2 yil qunt bilan o‘qib, tayyorlanish yetarli. Abituriyentlikda meni qiynagan narsa deyarli bo‘lmadi. Faqatgina fanlardan berilgan topshiriqlar birvarakayiga berib yuborilganda hammasiga ulgurish qiynalaman.

 

Gulxumor: Bir yil kamlik qiladi, ikki yil (lekin baʼzilarga bir yilning o‘zi ham kifoya). Sababi, birinchi yil repetitor nima ekani, qanday o‘qish kerakligini tushunasan. O‘zim 9-sinfdan boshlab, bir fandan — qoraqalpoq tilini, 10-sinfga o‘tib, matematikani qo‘shdim. Shu yillari bu fanlardan yetarlicha bilimlarni oldim. Bu yil esa o‘qiganlarimni takrorladim. Menga shu vaqt oralig‘i yetarli bo‘ldi.

 

Sayyora: Shu paytga qadar maktab tadbirlarda qatnashib yura beribman. O‘qishga kirishga tayyorgarlik boshlamagan ekanman. Lekin shaharda shu sohada o‘qiyotgan opam telegramdan buni chiz, uni chiz deb o‘rgatib, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib turdi. Shu yil boshidan beri tayyorlanyapman.

Meni afsuslantirgan narsa — maktabdagi olimpiada-yu tadbirlarga qatnashib yuraverganim. O‘qishga tayyorlanish haqida jiddiy o‘ylamagan ekanman.

 

Nilufar: Shaxsan o‘zim 2 yildan beri tayyorgarlik ko‘ryapman. Bunga birinchi sabab — topshirmoqchi bo‘lgan fakultetimning balli yuqori bo‘lgani. Agarda, maktabda topshirmoqchi bo‘lgan fanlardan chuqurroq va yaxshi bilim olgan bo‘lsa, abituriyent uchun 1 yillik to‘garakning o‘zi yetarli. Chunki to‘garakda maktabda olingan bilimlar takrorlanadi va mustahkamlanadi, xolos. Abituriyentlik paytda meni qiynagan narsalardan biri esa, ko‘proq vaqtim to‘garak va o‘qishga ketgani uchun o‘zim qiziqqan narsalar, sohalar bilan ko‘proq mashg‘ul bo‘la olmayapman. Shunisi qiyin. Chunki turli xil narsalar yasashga qiziqaman. To‘garakni boshlashimdan oldin deyarli har doim shu mashg‘ulot bilan band bo‘lardim. Bundan tashqari, sport va musiqa to‘garaklariga ham borardim. Hozir o‘qishga kirish uchun tayyorgarlik ko‘rayotganim bois bu mashg‘ulotlarga umuman vaqtim bo‘lmayapti.

 

Byudjet yoki kontrakt! Fikringiz qanday?

 

Bibinur: Hamma abituriyent qatori men ham grant asosida o‘qishni xohlayman. Opam kontrakt o‘qiydi. Sharoiti bor odamga ikkalasining farqi yo‘q deb o‘ylayman.

 

Gulxumor: Shu vaqtga qadar tayyorlangan bo‘lsam,kontrakt bo‘laman deb o‘ylamas edim. Ayrim vaqtlari menda qo‘rquv hislari bo‘ladi. Lekin, bunday o‘ylardan o‘zimni olib chiqaman. Men albatta, 2022 yil byudjetga o‘qishga kiraman, deb aytaman. Xudo xohlasa bu niyatimga ham erishaman.

 

Sayyora: Kontrakt? Bilmadim… Iloji boricha, byudjet bo‘lganim qulay. Chunki kontraktda o‘qish oson emas. Byudjet bo‘lsam, o‘qiyman. Kontrakt bo‘lsam, uydagilar qiynalib qolishadi. Sababi, qarindoshlarimizda oldin kontraktga kirib, o‘qiyolmay o‘qishni tashlab ketganlar bo‘lgan. Meni ham kontakt o‘qishga ko‘zim yetmaydi.

 

Nilufar: Kontrakt bo‘lish mutlaqo xayolimga kelmaydi. Chunki ota-onangiz to‘garakka qatnatib, shuncha pul to‘latib o‘qitganidan keyin ham, endi o‘qishga kirdingiz deganida yana sizga pul to‘lab, o‘qitishsa, albatta, odam uyaladi.

 

O‘qishga kira olmaslik fojiami?

 

Bibinur:  Aslo yo‘q. Agar o‘qishga kirishim shuncha mehnat qilib, uzoq vaqt tayyorlanganimning mevasi bo‘ladi. Ota-onam, ustozlarimning umidlarini oqlagan bo‘laman. Shuningdek, katta hayotga qo‘yayotgan qadamlarimning birinchisi bo‘ladi.

Kira olmasam xafa bo‘laman. Lekin uni musibat sifatida qabul qilish xato. Chunki hayot shu bilan to‘xtab qolmaydi.

 

Gulxumor: Oliy o‘quv yurtiga kira olmaslik degan gapni xayolimga keltirganning o‘zida men hayotda yengilishimni o‘sha yerda yana bir bor tan olar edim. Chunki shuncha tayyorlanib o‘qishga kira olmaslik odamga og‘ir botsa kerak. Biroq men Xudo xohlasa o‘qishga byudjet asosida kirishimga ishonaman.

 

Sayyora: Yo‘q. Ammo o‘qishga kirish yoki kirmaslik hayotimda baʼzi narsalarni o‘zgartirishi mumkin. Masalan, maktab, sinfxonalar, uy devorlariga rasm chizib yuraveraman. Qo‘limda hunarim bor, bemalol, hayotda o‘z yo‘limni topib keta olaman.

 

Nilufar: Oliy o‘quv yurtiga kira olmaslik hayotda hech qanday bir falokatli yoki boshqa bir narsa deb qarashning o‘zi biroz g‘alati. Chunki mashhurlarning hammasi ham universitetda o‘qishmagan. Yaʼni agarda siz o‘zingizning sohangiz bo‘yicha ko‘proq bilimga ega bo‘lsangiz va talantingiz, shijoatingiz yuqori bo‘lsa diplomsiz ham yaxshi joylarda ishlash mumkin. Oliy o‘quv yurtiga kirish bu shunchaki o‘zingizning sohangiz bo‘yicha ko‘proq malaka va bilim olishga imkoniyat deb qaralsa bo‘ladi.

 

Hamma abituriyentning maqsadi bir — talaba bo‘lish. Kunni kun, tunni tun demay astoydil o‘qiyotgan, ota-onasi va yaqinlarining ishonchini oqlab, kelajakda o‘z sohasining yetuk mutaxassisi bo‘lish uchun intilmoqda. Biz barcha abituriyentlarga omad tilaymiz.

 

Gulbonu Abatbаyeva

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика