O‘qituvchining vazifasi, burchi va masʼuliyati – yosh avlodga sifatli taʼlim-tarbiya berish. Aslo darslarni qoldirib yoki mehnat taʼtilida maktabdagi tozalov ishlarini qilish, bodom terish, o‘t yulish, yo‘l chetini tozalab, ko‘cha supurish emas. Agar shunday bo‘lsa, u xalqiga, Vatani taraqqiyotiga, unga umid va katta ishonch bilan qarayotgan, bilimga chanqoq yosh avlodga xiyonat qilgan bo‘ladi.
Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda o‘qituvchilarning majburiy mehnatga jalb qilinayotgani haqida xabar tarqaldi. Maʼlum bo‘lishicha, ushbu holat Namangan shahridagi 76-umumiy o‘rta taʼlim maktabida bo‘lgan. O‘qituvchilar maktabda ish faoliyati boshlangandan beri majburiy tarzda mehnatga jalb qilinayotgani aytilgan.
Jamiyatimizda o‘qituvchilarga eʼtibor va ehtirom ko‘rsatilib, Prezident tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan, ularning majburiy mehnati qoralanayotgan paytda o‘qituvchini bu kabi ishlarga jalb etilishini qanday baholash mumkin?
Biz bu masalaga oydinlik kiritish maqsadida Namangan viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi matbuot xizmati rahbari bilan bog‘landik.
Uning maʼlum qilishicha, ushbu masala Namangan shahar xalq taʼlimi bo‘limining ishchi guruhi tomonidan o‘rganilgan. Maktabda xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan. O‘rganish jarayonida maktabning orqa tomonidagi yer maydonidagi begona o‘tlar maktabning texnik xodimlari tomonidan tozalangani, o‘qituvchilar mehnat taʼtilidan qaytgandan so‘ng maktab hududidagi bodomlar pishib, yerga to‘kilgani bois ular daraxtdagi bodomlarni terib olishgani aniqlangan. Bodomlar terib olingandan so‘ng kuzatuv kengashi aʼzolari guvohligida sotib, maktabning hisob raqamiga tushirilishi, maktab moddiy-texnik bazasini rivojlantirish uchun sarflash ko‘zda tutilgan.
“Holat yuzasidan tezkor yig‘ilish o‘tkazilib, kelgusida bunday holat qayta takrorlanmasligi yuzasidan tushuntirish olib borildi. Mehnat qonunchiligi doirasida o‘qituvchilarni majburiy mehnat va boshqa jamoat ishlariga jalb etishga yo‘l qo‘ymaslik viloyat xalq taʼlimi boshqarmasining doimiy diqqat markazida. Bu masala jiddiy eʼtiborda ekani maʼlum qilinadi”, — deydi axborot xizmati rahbari.
O‘zbekchilikda yuzhotir, andisha kuchli. Inson qaysi sohada faoliyat olib bormasin issiq o‘rnini sovutgisi kelmaydi. Qo‘shimcha “yuklamalar” yelkaga tashlansa ham bir kuni bularga barham berilishidan umidvor bo‘lib yuraveradi. O‘qituvchi o‘z-o‘zidan yeng shimarib, maktab hovlisida to‘kilgan mevalarni terib ketishiga, deraza artib, daraxt oqlashiga ishonish qiyin. Chunki shundoq ham yangi o‘quv yili oldidan uning qilishi zarur bo‘lgan ishlari talaygina. Ko‘pchilik o‘qituvchidan muammosi haqida so‘rasangiz, aytishga istihola qiladi. Ishidan ayrilgisi kelmaydi. Bosimga uchrashidan cho‘chiydi. So‘ngra jimgina yuqoridagilar buyurgan ishni bajarib ketaveradi.
O‘qituvchi maktabni supurib, bodom terish, tozalov ishlarini qilish uchun emas, balki o‘quvchilarga ziyo ulashish uchun o‘qigan. Shunday ekan, O‘QITUVCHI maqomining ulug‘ligini aslo unutishimiz kerak emas! Prezident taʼbiri bilan aytganda, jamiyatda o‘qituvchi kasbi eng nufuzli va obro‘li kasb bo‘lishi lozim!
Bahriniso MADUMAROVA


