Maʼlum qilinishicha, “UNICEF” O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash va Maktabgacha taʼlim vazirliklari bilan hamkorlikda 0 yoshdan 6 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ota-onalari va boshqa g‘amxo‘rlik qiluvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ota-onalar uchun “Bebbo” nomli o‘zining birinchi mobil ilovasining taqdim etdi.
Bepul ilovada ota-onalar bolaning sog‘lig‘i va rivojlanishi bo‘yicha ovqatlanish, ko‘krak suti bilan boqishdan boshlab erta yoshdan taʼlim hamda o‘yinning ahamiyati, sezgir ota-onalik, himoya va xavfsizlik kabi mavzu va muammolar bo‘yicha mutaxassislar maslahati bilan taʼminlaydi.
Ilova 4 ta qismdan iborat. Ota-onalar rejalashtirilgan emlanishlar, o‘tkazilgan tibbiy ko‘riklar va bolalar salomatligini tekshirish, rivojlanishning boshqa muhim bosqichlarini qayd etish imkonini beruvchi funksiyalarni o‘z ichiga oladi.
Sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev bu ilova haqida quyidagi fikrlarni keltirib o‘tdi:
"COVID-19 pandemiyasi davrida ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchilar bilan aloqa uzilib qolganida, ota-onalarni o‘z vaqtida sifatli ko‘rsatmalar bilan qo‘llab-quvvatlash ehtiyoji paydo bo‘ladi. Farzandlarining taʼlim olishi, sog‘lig‘i va farovonligi borasida tez qaror qabul qilib, qo‘shimcha masʼuliyatni o‘z zimmalariga olgan holda birinchi bo‘lib javob harakatlarini amalga oshirish ota-onalar zimmasiga yuklanadi”.
Bundan tashqari, eng himoyaga muhtoj va chekka hududlarda yashovchi bolalarning ota-onalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi milliy dasturlarni tatbiq etish orqali butun Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘ylab “UNICEF” milliy hukumatlar bilan yaqindan hamkorlik qilishda davom etishni o‘z rejasiga qo‘ygan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq talabalar kontrakt pulini QR-kodli to‘lov-shartnomalari orqali to‘lashi mumkinligi, “Saylov-2021” mobil ilovasi yaratilgani hamda mobil ilovada elektron xizmatlar soni 100 taga yetkazilagani haqida xabar berilgandi.
Cho‘lponoy Ahmedova


