— Tez kislorodga ulanglar, ahvollari juda og‘ir.
“Tez yordam” shifokori navbatdagi bemorni shunday deya bizning qo‘limizga topshirdi. Zudlik bilan uni jonlantirish bo‘limiga joylashtirdik, kislorod uladik, ilk tekshiruvlarni o‘tkazishni boshladik.
— Ismi?
— Qayd etilmagan?
— Shoshishgan chog‘i shunchalik? — bosh shifokor.
— Yo‘q ekan, qog‘ozda yozib qo‘yishibdi, yolg‘iz yasharkan.
Yolg‘iz yasharkan?! Mana shu so‘zdan so‘ng bemorning yuziga qaradim. To‘g‘rirog‘i, yon tomonidan. Chunki uni pastga qaratib yotqizgandik. Yuzining bir qismigina menga ko‘rinib turibdi. Yuragim allanechuk bo‘lib ketdi.
Ikki yildan beri qancha odamlarni ko‘rdim, qanchasiga yordam bera oldik, qanchasi bilan birga koronavirusni yengib chiqdik... Yo‘qotishlar ham bo‘ldi. Doim tuyg‘ularimni ushlab turardim, kasb taqozasi shu... Lekin bugun negadir yomon bo‘la boshladim. Balki uning yolg‘izligi sababdir...
Bemorning cho‘ntagidan bir qog‘oz parchasigina bor edi.
— Rasm shekilli...
— Qani, balki shu orqali shaxsi aniqlanar...
Sekin engashib oldim. O‘zim tomonga o‘girdim... Ko‘rdim-u ko‘z oldim qorong‘ulashib ketdi...
Suratda uch yashar o‘zim va hayot uchun kurashib yotgan bemor turardi. U meni quchoqlab olgan, ko‘zida quvonch porlar, men ham xursand qo‘limda qo‘g‘irchoqchani ushlab o‘tiribman... Faqat chap yelkam osha quchgan qo‘llar yarmidan qirqilgan... Suratning onam tushgan tomoni kesib tashlangan...
Biz otam bilan oradan o‘ttiz to‘rt yil o‘tib uchrashdik. Uch kundirki, u hushsiz yotibdi. Shifokor bugun hali o‘zlariga kelmagan bo‘lsalar-da, umumiy ahvollarida ijobiy o‘zgarish borligini aytdi. Ehtimol, erta-indin o‘zlarini kelib qolar, dedi...
Men uning ko‘zlarini ochishini hammadan ko‘p kutyapman. Ammo ota deyishga jur’atim yetarmikan? Uning yuragi bu uchrashuvni ko‘tara olarmikan? Bu xastalikni quvonch bilan yengish mumkin, ammo bir-birimizni topganimiz uni quvontirarmikan?
Muallif: Shoira Shagiahmedova


