1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Eng dolzarb

OTMda talaba qizlarga nisbatan shilqimlik — jiddiy muammo — Saida Mirziyoyeva

Dekan o‘rinbosari va talaba qiz voqeasiga Saida Mirziyoyeva fikr bildirdi.

OTMda talaba qizlarga nisbatan shilqimlik — jiddiy muammo — Saida Mirziyoyeva

 

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti “zamdekan”ining talaba qizga qilgan tajovuzi bugun ijtimoiy tarmoqlarni “portlatib” yubordi.

 

Institutda aynan shu masalaga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi qizning ahvoli haqida maʼlumot berdi. Shuningdek, IIV ushbu masala yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilayotganini aytdi.

 

Ushbu masalaga Saida Mirziyoyeva ham munosabat bildirdi:

 

"OTMda talaba qizlarga nisbatan xarassment (shilqimlik) - jiddiy muammo, Pedagogika universiteti talabasi bilan shu kunlarda sodir bo‘lgan voqea buning yaqqol dalilidir.

 

Menimcha, qiz-ayollarning huquqlarini himoya qiluvchi bunday OAV faoliyati - katta muvaffaqiyat hamda adolatsizlik va ceksizimga toqat qilishni istamaydiganlarning so‘nggi umididir. Fond ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan bunday ommaviy axborot vositalarini olqishlashi va moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashini taʼkidlamoqchiman.

 

Lekin jamoatchilikka oshkor etilayotgan bu kabi holatlar dengizdan tomchi ekanini barchamiz anglab turibmiz. Albatta, bu haqda ochiq gapirishga jazm qilgan qizlarning jasorati va qatʼiyati tahsinga sazovor. Biroq tazʼyiq va nohaqlik haqida baralla gapira olmay, dardu hasratini mashʼum kabinetlar hamda xotirasining uzoq burchaklariga dafn etganlar qancha! Jabrdiydaning o‘zini ayblab, tergovni “yopti-yopti” qilib yuborilgan holatlar qancha! Qanchadan-qancha jinoyatchilar ojizani murosaga ko‘ndirgani yoki qo‘rqitib qo‘ygani uchun suvdan quruq chiqqan?

 

Ayni kunlarda bu haqda tinimsiz o‘ylayapman. Biz bu borada Senat, Bosh prokuratura, IIV va OAVning harakatini birlashtiradigan yirik loyihaga muhtojmiz. Aybdorlar javobgarlikdan qocha olmasligi uchun bunday hodisalarning har biri jamoatchilikka oshkor qilinishi shart. Zo‘ravonlik qurbonlari ularning nidosini eshitadiganlar va yordam beradiganlar borligiga ishonchi komil bo‘lishi, zo‘ravonlar esa jazo muqarrar ekanligini anglashi zarur.

 

Shunda nafaqat o‘qishdan haydash yoki boshqa bahonalar bilan OTM talaba qizlariga tahdid qilishga, balki istalgan boshqa joyda ham lavozim va mavqeini suisteʼmol qilish bilan qonunni buzishga yo‘l qo‘yilmaydi."

 

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика