Namanganda Rossiya armiyasiga yollangan yigit jinoiy jazoga tortildi. Zamon.uz sud hujjati bilan tanishdi.
Sud hukmida keltirilishicha, Namangan tumanida yashovchi, 1995-yilda tug‘ilgan R.S. 2021-yil 2-oktabr kuni ishlab pul topish maqsadida Rossiyaga borgan. U yerda taksistlik qilgan R.S. 2022-yilning yanvar oyida psixotrop moddalarning noqunoniy savdosi bilan ushlanib, 9 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.
2024-yilning sentabr oyida bir guruh rossiyalik harbiylar Nevyansk shahridagi JIYEMga kelib, R.S. va boshqa mahbuslarni urushga taklif etgan. Ularga 1 yillik shartnoma imzolash evaziga afv etilishi, oyiga 200 000 rubl maosh(30 mln so‘m atrofida) to‘lanishi hamda mamlakat fuqaroligi berilishi vaʼda qilingan. Dastlab bunga hech kim rozi bo‘lmagan. Oktyabr oyida esa JIYEM maʼmuriyati hech qanday sabablarsiz rus millariga mansub bo‘lmagan barcha mahbuslarni qattiq rejimdagi izolyator(karser)ga o‘tkazish boshlangan.
“2024-yil 3-oktabr kuni bizni karserga kiritishdi, u yerning sharoiti juda yomon - zax, devorlari yorilgan va havosi juda sovuq edi. JIYEM maʼmuriyati karserdagilarning ovqatiga ataylab cho‘chqa go‘shti qo‘shib berishardi, suvni ham o‘chirib qo‘yishdi. Shu bilan birga bizga psixologik va jismoniy tazyiq o‘tkazishardi, shu orada, JIYEM boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari kim urushga ketishga rozi bo‘lsa va urushda ishtirok etish bo‘yicha bir yillik shartnomaga imzo qo‘ysa, karserdan chiqishini, agar imzo qo‘ymasa, karserdan chiqmasligini, shu yerda o‘lib ketishini aytdi, shundan so‘ng 2025-yil 4-yanvar kuni sharoit juda yomon bo‘lganligi va o‘lib ketmaslik uchun jazo muddatini o‘tayotgan boshqa shaxslar bilan ularning taklifiga rozi bo‘ldik” – deydi yigit suddagi ko‘rsatmasida.
2025-yil 5-yanvar kuni esa sudlanuvchi R.S. hamda uning hamrohlari Ukrainaning Donesk viloyati Metalist qishlog‘ida joylashgan dala poligoniga olib borilgan. U yerda 10 kun tayyorgarlikdan o‘tishgach, oddiy askar harbiy unvoni va motoo‘qchi lavozimi berilgan. Shundan keyin, ular Zverova qishlog‘i yo‘nalishidagi jang maydoniga yo‘naltirilgan. Jangga kirishdan oldin har birlarini avtomat kalashnikov, bronojilet, kaska, 4 ta magazin va 4 ta granata bilan qurolantirishgan.
“Jangga kirish oldidan qism komandiri kim jang maydonidan ortiga qaytsa, yaʼni chekinsa o‘sha zahoti otib o‘ldirilishi to‘g‘risida buyruq berdi, shundan so‘ng jangovar harakatlarga kirdik, 2025-yil 16-yanvar kuni sheriklarimning barchasi ukrainalik harbiylar tomonidan amalga oshirilgan hujum oqibatida vafot etishdi. Men tanamga o‘q parchalari urilib jarohat olganim tufayli ortga qaytdim”- deydi yigit ko‘rsatmasida.
Shundan so‘ng, R.S.ni 24-yanvar kuni Rossiya tasarrufidagi Selidova shahri orqali Yekaterinburgdagi harbiy gospitalga olib borishgan. Yigit u yerda sog‘aymagach, mamlakatning turli hududlaridagi harbiy gospitallarda davolanib chiqqan. 21-mart kuni esa gospitaldan qochib, Moskvadagi O‘zbekiston elchixonasidan yordam so‘ragan. Nihoyat, yigit 28-mart sanasida “Domodedva-Namangan” aviayo‘nalishida Vatanga qaytib kelgan.
JIB Namangan tuman sudining 2025-yil 30-dekabrdagi hukmi bilan R.S.ga 3 yil 6 oy muddatga ishlash, shuningdek ish joyigacha borish va uyiga qaytish vaqtidan tashqari ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.


