Yangi yil bayramiga oz fursat qoldi. Bu vaqtda paqildoqlar mavsumi ham avj pallaga kiradi. Bayramda rang-baranglik bo‘lgani, bolajonlarning quvonchiga quvonch qo‘shilgani yaxshi, albatta. Biroq undan noto‘g‘ri foydalanish inson salomatligi uchun xavf solishini ham aslo unutmaslik kerak.
Paqildoqlardan, asosan, 11-12 yoshli bolalar jabr ko‘radi
Mutaxassislarning fikricha, pirotexnika vositalaridan noto‘g‘ri foydalanish qo‘l va ko‘z kuyishi, hattoki, quloq pardasining yirtilishi, yuzda turli chandiqlar qoldirishi mumkin.
Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish marazining ko‘p tarmoqli klinikasi bosh shifokor muovini Sanjar Matkarimovning taʼkidlashicha, Paqildoqlardan, asosan, 11-12 yoshli bolalar jabr ko‘radi.
— Dunyo tajribasidan shuni ko‘rish mumkinki, Paqildoqlardan o‘g‘il bolalarga qaraganda ko‘proq qizlar aziyat chekar ekan, — dedi u. — Chunki o‘smirlar paqildoqlarni aksariyat hazil aralash qizlarga qarata otishadi. Bola bolada, xavfsizlik choralarini unutib qo‘yishadi. Bu esa bolalar bilan bog‘liq ayanchli holatlarni keltirib chiqaradi. Har yili klinikamizga bayram oldi qulog‘i, yuzi, jag‘ qismi qo‘li jarohatlangan bolalar ko‘p keladi. Yaqinda bir voqeaga guvoh bo‘ldim. Maktabda bolalar o‘yin qilib bir biriga paqildoq otayotgan vaqt paqildoq bolaning kaftida portlagan. Oqibatda, bolaning ikki barmog‘i uzilib tushgan. Albatta pirotexnikadan kuygan bemorlar avvalgi yillarga qaraganda ancha kamroq, biroq bu ogohlikni susaytirish kerak degani emas. Ota-onalar bolalariga har doim eʼtiborli bo‘lishi kerak.
Bebosh o‘yin sabab nogiron bo‘lib qolganlar dardi
Oz fursatli quvonch, rohat sabab bir insonning hayoti tubdan o‘zgarib ketishi hech gap emas. Afsuski, oramizda paqildoq zarbidan aziyat chekkanlar ham bor. Hatto, ular orasida bir umrga majruh bo‘lib qolganlari ko‘rib, kishi dili xufton bo‘ladi.
Nodir Salomov:
— 12 yoshimda yuzim pirotexnika vositasi sabab kuyib qolgan. Maktabda o‘qib yurgan vaqtlarim sinfdoshlarim maktabga paqildoq vositalar olib kelishardi. Bizga ularni portlash jarayonini tomosha qilish juda qiziq edi. Qizlarni qo‘rqitish maqsadida ham ataylab ularning oyog‘iga otardik. Ota-onam ovqatlanish uchun berishgan pulni ishlatmay yig‘ar edim. Maktab yonida pista-qurt sotadigan ayol paqildoqlarni yashirincha xaltasida olib kelib bizga sotardi. Bir kuni qo‘limdagi paqildoqqa yonayotgan gugurt cho‘pini yaqinlashtirishim bilan u kutilmaganda portlab ketdi. Uni otishga ham ulgurmadim. Yuz va qo‘limda kuchli og‘riq sezdim. U yog‘i nima bo‘lganini eslolmayman. Ko‘zimni ochsam shifoxonada — jonlantirish bo‘limida ekanman. Bu voqeaga 6 yil bo‘lgan. Yuz va qo‘limda chandiq qolgan, o‘ng ko‘zim ham yaxshi ko‘rmaydi.
Salomat Hoshimova:
— Pirotexnika vositalaridan qattiq qo‘rqaman. Ko‘chada bolalar bir yerga yig‘ilib turganini ko‘rsam o‘sha joydan yuragimni hovuchlab o‘taman. Chunki bundan ikki yil avval ko‘chada ketayotganimda bolalar hazillashib oyog‘im tagiga paqildoq otishganda u etigim ichiga tushgan. Oyoq kiyimimni yechib, ichidan paqildoqni chiqarib yuborgunimcha u portlab ketgan. Ancha vaqtgacha yurolmay, bir joyda o‘tirganman. Ota-onalardan farzandlarini asrab-avaylashlari va bu kabi noxush o‘yinlarni dilbandlarining qo‘liga tutqazmasliklarini so‘rardim.
Гап эртамиз эгаларининг саломатлиги ҳақида кетар экан бир лаҳзалик завқ ортидан содир бўлиши мумкин бўлган фожиа ва турли ҳалокатларга лоқайд бўлишга ҳеч биримизнинг ҳаққимиз йўқ.
Муножат Валиева


