Buyuk mutafakkir va davlat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan Ozarbayjonning Boku shahrida joylashgan Ozarbayjon tillar universitetida O‘zbek tili va adabiyoti markazining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Dunyo axborot agentligi xabar berdi.
Tadbirda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilxomjon To‘xtasinov, Ozarbayjon tillar universiteti rektori Kamal Abdulla, Ozarbayjon–O‘zbekiston parlamentlararo aloqalar bo‘yicha ishchi guruhi rahbari, deputat Eldar Ibrohimov hamda ikki davlatning ilmiy va rasmiy doiralari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi tarixiy do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotganini alohida taʼkidladi.
Shuningdek, Ozarbayjon tillar universitetining bir guruh talabalari kelgusida O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida doktorantura bosqichida tahsil olishi rejalashtirilayotgani maʼlum qilindi.


