“O‘zbekgidroenergo” AJ AQSHning dunyoga mashhur Djon Xopkins universiteti bilan barqaror energetikaga oid hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Avgust oyida imzolangan Memorandum ta’lim, ilm-fan va korporativ boshqaruv bo‘yicha ilg‘or tajribalarni o‘rganishni ko‘zda tutadi. Dunyodagi eng nufuzli ilmiy markazlar qatorida turadigan universitet bugungi kunda AQSH Milliy universitetlari reytingida 7-o‘rinni egallab kelmoqda.
Hamkorlikka ko‘ra, gidroenergetika, ESG tamoyillarini joriy etish, “yashil” texnologiyalar bo‘yicha qo‘shma loyihalar, trening va stajirovkalar tashkil etilmoqda. Ushbu tashabbus “O‘zbekiston–2030” strategiyasi hamda “2025-yil aksiyadorlar kutilmalari”ga mos ravishda amalga oshirilmoqda. Bu jarayon jamiyatning xalqaro imijini mustahkamlash va ekologik barqaror energiya tizimini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
2025-yilning avgust va noyabr oylarida “O‘zbekgidroenergo” xodimlari Baltimordagi Djon Xopkins universitetida “Energiya transformatsiyasidagi yetakchilik” bo‘yicha maxsus o‘quv dasturida qatnashib, zamonaviy energiya siyosati, toza texnologiyalar, korporativ strategiyalar bo‘yicha chuqur bilim oldilar. Dastur yakunida ishtirokchilarga xalqaro sertifikatlar topshirildi. Bu sertifikatlar jamiyatning kadrlar salohiyatini oshirish va energetik transformatsiya jarayonlarini jadallashtirishga xizmat qiladi.


