30 iyul Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni munosabati bilan Migratsiya agentligi, Tashqi ishlar vazirligi, Bandlik vazirligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda joriy yil 30 iyuldan 30 avgustgacha “Vatanga qaytarish” nomli xayriya aksiyasi o‘tkaziladi.
Aksiya doirasida xorij davlatlarida og‘ir sharoitda qolgan O‘zbekiston fuqarolarini vatanga qaytarish va ularni samarali reintegratsiya qilish maqsad qilingan.
Birinchi navbatda Turkiya, Rossiya, Qozog‘iston, BAA, Saudiya Arabistoni, Hindiston, AQSH va Janubiy Koreyada deportatsiya markazlarida saqlanayotgan ayollar va bolalar qaytariladi.
30 dan ortiq elchixona va konsulliklar 7 avgustga qadar xorijiy davlatlarning Deportatsiya markazlaridagi o‘zbekistonlik fuqarolarni aniqlaydi va ro‘yxatni Migratsiya agentligiga taqdim etadi.
15 avgustgacha shaxsiy maʼlumotlari yetarli bo‘lmaganlar uchun zarur hujjatlarni tayyorlab, ikkinchi ro‘yxatni agentlikka yuboradi. Migratsiya agentligi taqdim etilgan ro‘yxat asosida 1−3 ish kuni ichida avia chiptalarni xarid qiladi.
Fuqaro migratsiya agentligiga to‘g‘ridan -to‘g‘ri murojaat qilsa, agentlik xodimlari 1−2 soat ichida bog‘lanadi va hujjatlarni masofaviy qabul qiladi. Arizani 1 kun ichida ko‘rib chiqib, 2 kun muddatda yo‘l chipta bilan taʼminlaydi.


